O‘zA O`zbek

29.08.2018 23:50 Chop etish versiyasi

Imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, yangicha dunyoqarash bilan mehnat qilish – xalqimiz farovonligini yanada oshirishning muhim omilidir

Imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, yangicha dunyoqarash bilan mehnat qilish – xalqimiz farovonligini yanada oshirishning muhim omilidir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29 avgust kuni Toshkent viloyatida boʻldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Bekobod shahrida joylashgan mamlakatimizdagi yirik ishlab chiqarish obyektlaridan biri boʻlgan “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Prezidentimizning 2018 yil 9 yanvardagi “2018-2020 yillarda ”Oʻzmetkombinat“ AJni rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida kombinatda katta hajmdagi iqtisodiy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexi shulardan biridir. Davlatimiz rahbarining tashrifi chogʻida 60 million dollarlik loyiha asosida zamonaviy, energiya tejovchi va ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu sex ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda korxona ishchi-xodimlari, soha mutasaddilari, xorijlik investorlar ishtirok etdi.

Kombinat imkoniyatlaridan unumli foydalanish, qoʻshimcha ishlab chiqarish obyektlari barpo etish, 2-3 yil ichida kamida 15-20 ming ish oʻrni yaratish kerak. Buning zamirida odamlarni rozi qilishdek ezgu maqsad mujassam, dedi Prezidentimiz.

Janubiy Koreyaning “Posco Daewoo” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan yangi sexda yiliga 25 ming tonna ferrosilitsiy va ferrosilikomarganes ishlab chiqariladi. Bu bilan metall mahsulotlar tayyorlaydigan tarmoqlar talabi toʻliq qondirilib, yiliga 8 ming tonna ferroqotishmani eksport qilish, shu tariqa importdan voz kechib, 35 million dollarni tejab qolish imkoniyati paydo boʻladi. 300 dan ziyod yigit-qiz ish bilan taʼminlanadi.

Prezidentimiz quyish-prokatlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qoʻydi.

Mazkur loyiha qiymati 452 million dollar boʻlib, uning amalga oshirilishi natijasida 400 dan ziyod yangi ish oʻrni tashkil etiladi. Loyiha 2020 yilda toʻliq yakuniga yetkazilib, yiliga 1 million tonna 2-12 millimetr qalinlikdagi poʻlat listlar ishlab chiqariladi. Bu poʻlat listlar importini kamaytirish imkonini beradi. Yiliga 350 million dollar tejaladi. Shuningdek, yangi qurilayotgan Toshkent metallurgiya zavodining asosiy xomashyosi boʻlgan issiq holatda prokatlangan listlarga 500 ming tonnalik yillik ehtiyoj toʻliq qoplanadi. Quyuv-prokat majmuasini Italiyaning “Daniyeli” kompaniyasi barpo etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev kombinat ishchi-xodimlari bilan suhbatlashdi. Ularning samarali mehnat qilishi va dam olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi.

– Keyingi yillarda kombinatda umuman oʻsish kuzatilmayotgan edi. Shu bois, oʻtgan yili uni tashqi boshqaruvchiga biriktirdik. Natijada ishlab chiqarish 1,5 barobar ortdi. Daromadlari koʻpaygan kombinat joriy yilda Bekobod shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 75 milliard soʻm mablagʻ ajratdi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 2018-2019 yillarda amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi.

Jumladan, Quyi Chirchiq tumanida velosiped ishlab chiqarish, Yuqori Chirchiq tumanida qishloq xoʻjaligi, Boʻka tumanida paxta-tekstil klasterlarini tashkil etish, Quyi Chirchiq tumanida kanopchilik sohasini qayta tiklash va rivojlantirish, Ohangaron tumanida zamonaviy gidroponik issiqxona ochish kabi qator loyihalar rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihalarni yanada takomillashtirish boʻyicha mutassaddilarga topshiriqlar berdi.

Maʼlumki, Prezidentimiz 2017 yil 18 avgust kuni Bekobod shahriga tashrifi chogʻida Bekobod va Olmaliq shaharlarini rivojlantirish boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surgan edi.

Oʻtgan bir yilda Bekobodda salmoqli ishlar amalga oshirildi. 90 mingdan ziyod odam istiqomat qiladigan shaharda aholining uy-joyga ehtiyojini qoplash maqsadida beshta yetti qavatli uy qurib bitkazilmoqda. Yana beshta shunday turar-joy qurilishi boshlanish arafasida. Ular yil oxirigacha oʻz egalariga topshiriladi. Uylar atrofiga bolalar oʻyin maydonchalari, avtomobillar saqlash joylari, zamonaviy savdo shoxobchalari qurish ham rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbarining taklifi bilan ushbu yangi massivga “Mustaqillikning 27 yilligi” deb nom berildi.

Prezidentimiz jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, ularni mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi bilan tabrikladi.

– Bir yil oldin Bekobodga kelib, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qator rejalar belgilab olgan edik. Bugungi uchrashuvimizda oʻsha rejalarning dastlabki natijalari haqida soʻzlamoqchiman, – dedi davlatimiz rahbari. – Bekobodda shu paytgacha issiq suv yoʻq edi, ichimlik suvi sifati yomonligidan keyingi 10 yilda kasalliklar koʻpaygan, ishsizlik ortgandi. Bugun shaharga yirik investitsiyalar jalb etilyapti, yangi ish oʻrinlari yaratilyapti. Yoʻlsozlik, elektr energiyasi va gaz taʼminoti, tomlarni taʼmirlashga eʼtibor qaratila boshlandi. Toshkent va Bekobod shaharlari oraligʻida elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Biz bu ishlar koʻlamini yanada kengaytiramiz.

Bekobodliklar bunday eʼtibor tufayli shahar yangi qiyofa kasb etgani, odamlarning fikri, kayfiyati oʻzgarganini taʼkidlab, Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbariga Toshkent viloyatida barpo etilayotgan koʻp qavatli uylar haqida ham maʼlumot berildi. Unga koʻra, joriy yilda Olmaliq, Yangiyoʻl, Bekobod, Nurafshon shaharlarida 2604 xonadondan iborat 62 koʻp qavatli uy foydalanishga topshiriladi.

Ohangaron shahridagi Amir Temur koʻchasini rekonstruksiya qilish, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Ohangaron tumanlari hududidan oʻtuvchi hamda Toshkent – Bekobod va Toshkent – Sirdaryo avtomobil yoʻllari boʻylab namunaviy uylar qurish, viloyatda ichimlik suv tizimini takomillashtirish, koʻmir, texnologik chiqindi, mineral ruda va biomassani maydalash, quritish va separatsiya qilish loyihalari taqdimotlari oʻtkazildi.

Prezidentimiz Bekobod tumanidagi “Yusupov Gʻofurjon fayz” fermer xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda tuproq unumdorligini oshiradigan va yuqori hosil olishni taʼminlaydigan dehqonchilik tizimi joriy etilmoqda. Ekinlarni belgilangan meʼyorlar asosida sugʻorish, oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali kurashish, urugʻ va resurslar sarfini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Gʻallachilik va paxtachilikning sifat koʻrsatkichlarini yaxshilash yoʻnalishidagi seleksiya va urugʻchilik ishlarini takomillashtirish choralari koʻrilayotir.

Paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan mazkur fermer xoʻjaligining umumiy yer maydoni 78,6 gektarni tashkil etadi. Joriy yilda xoʻjalik rahbari Gʻofurjon Yusupov 31,1 gektar maydonga gʻalla ekib, gektaridan 71 sentnerdan oshirib hosil oldi. Sof foyda – 80 million soʻm. 47,5 gektar yerga gʻoʻza ekilgan. Undan ham 35 sentnerdan oshirib hosil olish moʻljallanmoqda.

Fermer 13,5 tonna mosh va 7,5 tonna loviyani eksport qilish, ichki bozor uchun 60 tonna kartoshka va 45 tonna sabzi yetishtirish boʻyicha shartnomalar tuzgan. Xoʻjalikda 35 ishchi mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari xoʻjalik dala shiyponida viloyat fermerlari bilan muloqot qildi.

Mamlakatimizning asosiy daromadi qishloq xoʻjaligidan. Istiqbolli, serhosil paxta navlarini yaratish, gʻoʻzani qoʻshqator ekish fermer daromadini oshiradi. Fermer dalaga chiqdimi, mehnati samarasidan uy, mashina olsin, farzandlarini oʻqitsin, uyli-joyli qilsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish, bu boʻyicha xorij tajribasini oʻrganish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Mamlakatimizda bunyod etilayotgan yirik sanoat korxonalari iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan Toshkent metallurgiya zavodi shulardan biridir.

Davlatimiz rahbari ushbu korxona qurilishi bilan tanishdi.

Loyiha qiymati 286,7 million yevrolik mazkur korxonaga xorijda ishlab chiqarilgan ilgʻor va zamonaviy uskunalar keltiriladi. Korxonada avtomobil kuzovlari va maishiy texnika uchun metall listlar, metall cherepitsalar, profnastil tayyorlanadi. Korxona toʻliq quvvatda ishga tushirilgach, yiliga 500 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi. 700 ga yaqin ish oʻrni yaratiladi.

Prezidentimiz 2017 yil fevral oyida ushbu korxona qurilishi loyihasi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar bergan edi.

Oʻtgan vaqt mobaynida bu yerda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zavodning metall konstruksiyasi qurib bitkazildi.

Shavkat Mirziyoyev qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi, zavodning mamlakatimiz iqtisodiyotida tutadigan oʻrni haqida toʻxtalar ekan, bu yerda ishlaydigan mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.

OʻzA
3 046