O‘zA O`zbek

08.07.2019 Chop etish versiyasi

Imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan ayollarga 70 dona nogironlik aravachasi va tibbiy reabilitatsiya vositalari berildi

Imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan ayollarga 70 dona nogironlik aravachasi va tibbiy reabilitatsiya vositalari berildi

Xalq bilan muloqot 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, hududiy qo‘mitalar faoliyati, joylarda xotin-qizlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Uchrashuv doirasida qator xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning yaqinda Oliy Majlis Senati yigirmanchi yalpi majlisida so‘zlagan nutqida hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Shu jumladan, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun zarur sharoit yaratish, ularni uy-joy bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Ammo ayollar kundalik hayotida yillar davomida to‘planib qolgan ijtimoiy muammolar oz emas. O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Prezidentimizning nutqida qayd etilgan muammolarni hal etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi“ qabul qilinib, joylardagi ushbu muammolar va ularning yechimi o‘rganib chiqilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova dastlab Beruniy tumanida bo‘lib, sayyor qabul o‘tkazdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlari xotin-qizlari o‘zlarining muammolari, qiynayotgan masalalari bo‘yicha murojaat etdi.

photo5269415532476607211.jpg

Tadbir davomida fuqarolik pasportini rasmiylashtirish, davolanish uchun order olish kabi o‘nga yaqin murojaat qabul qilinib, ularning yechimi tegishli soha rahbarlari tomonidan nazoratga olindi.

Shu kuni tuman ayollari hayotida quvonchli voqea yuz berdi. Og‘ir sharoitda yashab kelgan, turar joyga muhtoj ayollarga ikki qavatli 18 xonadonli yangi turar joy foydalanishga topshirildi. Qayd etish lozimki, mazkur turar joylarning boshlang‘ich badali tuman hokimligi, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan to‘lab beriladi.

– Bugun mening hayotimda qo‘shaloq quvonch, – dedi Beruniy tumanidan ikkinchi guruh nogironi Gulasal Isakova. – Yangi turar joylardan biri menga berildi va “Beruniy chevarlari“ mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ishga joylashdim. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman.

Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida shahar va tumanlardan kelgan imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan ayollarga O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 70 dona nogironlik aravachasi va tibbiy reabilitatsiya vositalari topshirildi.

Tadbirda Prezidentimizning Oliy Majlis Senati yigirmanchi yalpi majlisida bergan topshiriqlarining bajarilishi, joylarda Xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyatining aholi, xususan, xotin-qizlar turmush tarzini yaxshilashdagi ta’sirini kuchaytirish masalalari muhokama etildi.

2 353
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA