O‘zA O`zbek

25.05.2020 Chop etish versiyasi

“Iltimos, oʻzbekcha gapiring, jon uka!”

“Iltimos, oʻzbekcha gapiring, jon uka!”

Ona tilim – oltin sandigʻim

2014-yil yozida oilamiz bilan Antaliyaga borgan edik. Bolalar “shahar aylanamiz” deyishgach, bir kuni ertalabdan avtobusga chiqib, shahar markaziga yoʻl oldik.

Manzara – subtropik. Yashil-koʻkish dengiz to ufqqacha toʻlqinlanadi. Tevarak orasta, ammo havo nam. Oʻzimizdagi quruq, turli islarni opkeladigan havoga oʻxshamaydi. Baribiram oʻzgachaligi bor.

Shaharning katta supermarketlaridan biri – “Terra Siti” soat oʻnda ochilar ekan. Kun isiy boshladi. Hali yarim soatcha vaqt bor. Yaqin bir joyda kichkina favvorali salqin bogʻchaga koʻzimiz tushib, oʻsha yoqqa borayotsak, ortimizdan birovning:

– Shoshmang-shoshmang! Toʻxtang! – degan ovozi keldi.

Qarasam, guldor koʻylagini shimi ustiga tushirib olgan, toʻladan kelgan bir kishi, biz tomon lapanglab chopib kelyapti.

– Oʻzbekistondanmisiz? – dedi u harsillab, nafasi tiqilib.

– Ha, Oʻzbekistondan.

– Xudoga shukr! Oʻtib ketayotganingizda oʻzaro oʻzbekcha gaplashayotganingizni eshitib, ortingizdan yuguraverdim! Shu chopaman, yetolmayman! – U roʻmoli bilan yuz-koʻzini arta-arta oʻzini tanishtirdi: – Mening ismim Muzomiddin, Boʻkadanman. Keling, yana bir koʻrishib qoʻyaylik!

Bolalar favvora yoniga ketishdi, ortidan koʻrkam bir ayol – uning xotini ham yetib keldi. Muzomiddin aka gul-gul yashnab, xotiniga “Ana, koʻrdingmi, Oʻzbekistondan dedim-ku” deb takrorlardi. Tinmay bir nimalarni soʻrab-surishtirardi. Shahar qanaqa? Chorsu, Oʻrda joyida turibdimi? Anhor boʻylari oʻzgarib ketgandir-a? Odamlar-chi, oʻshandagiday yurishibdimi?

– Gapiring, gapiring! Oʻzbekcha gapiring! – derdi menga qulogʻini tutib, huzurlanib. – Iltimos, oʻzbekcha gapiring!

“Xoʻp” deyman-u, uning huzurlanishidan oʻzim ham zavqlanaman.

– Men axiska turklaridanman. Boʻkada, ichki ishlarda ishlardim, – dedi Muzomiddin aka. – Xalqlar qotili Stalin surgunidan soʻng qirq yil Oʻzbekistonda oʻz uyimizdagiday yashadik. Toʻy-maʼrakalarda yelkadosh boʻldik, qiz olib, qiz berdik. Uying kuyib ketkur sovet 1989-yilda atay fitna qoʻzgʻadi. Qochgani joy topolmadik. Qoʻni-qoʻshnilarimiz yordam berishdi, oilamiz bilan Ozarbayjonga ketdik. U yerdan Turkiyaga keldik, turk fuqaroligini oldik. Oʻn yildan oshdi, Antaliyadamiz. Asli Andijonda tugʻilganman, oʻzim bu yerda boʻlsam, otajonim-onajonim oʻsha yoqda...

Ana endi holatini koʻrsangiz. Kap-katta odam, ota-onasi, amma-xolalari esiga tushib, oʻpkasini bosolmay yigʻlaydi deng!

– Andijonni teraklari boʻlardi, uzun-uzun! Koʻcha cheti toʻla terak, ostida ariq oqardi, oqish bargli yalpizlari boʻlardi. Haliyam bormikin-a, turibdimikin-a?

Joʻshadi-yigʻlaydi. Gapiradi-yigʻlaydi... Bir soat oʻtdi hamki, suhbat tugamaydi.

Nihoyat, uzrimizni aytib qoʻzgʻaldik. Xayrlashish chogʻida Muzomiddin aka uy manzilini, telefon raqamini berdi:

– Mana bu uyimizniki, bu – oʻzimni qoʻl telefonim, bunisi – ayolimniki...

– Albatta kelinglar, xoʻpmi? Bizning uyda bi-ir osh qilaylik! – dedi orzumandlarcha.

Yana xabarlashishga kelishib, ancha yurgan edik, ortimizdan yana “Toʻxtanglar!” degan sado keldi. Qarasak, Muzomiddin aka! Oʻshanday lapanglab, harsillab kelyapti.

– Sizlar “Terra-siti”ga borasizlar-ku, a? Maylimi, biz ham borsak? Aylanib chiqquningizcha kutib turamiz, sizlarni muzqaymoq bilan mehmon qilmoqchimiz...

Qarang, azbaroyi yana gaplashgisi kelganidan shuni oʻylab topibdi!

– Yuring, yuravering! – dedim kulib. – Bolalar tomosha qilib chiqquncha biz gaplashib oʻtiramiz.

...U kunlar oʻtdi, Vatanimizga qaytib, ishlarimizga shoʻngʻib ketdik. Muzomiddin aka Feysbukda sahifa ochgan ekan, ora-sira xabarlashib turdik. Oʻzbekistonni ziyorat, yoʻq-yoʻq, tavof qilish orzusi borligini, sogʻligi koʻtarmayotgani uchun bu ish ortga surilib turganini aytardi. Bir-ikki yildan soʻng Muzomiddin aka internetdan bogʻlanib: “Ukajon, Vatanga borish nasib qilmaydi, shekilli. Yana kelasizlarmi?” deb soʻradi. “Ha, boramiz” desam suyunib ketdi.

– Andijon devzirasidan oboraman, aka, – dedim. – Vodiycha osh qilamiz uyingizda!

– Ha-ha! Anjanni urugʻsiz uzumi bor-u, kishmish! – dedi u. – Oʻshani mayizidan ham albatta olib keling, oshga solamiz!

Bu suhbat 2017-yilning bahorida boʻlib oʻtdi. May oyida Muzomiddin akaga bir necha marta xat yozdim, javob yoʻq! Qoʻl telefoni raqamini ham bergan edi, “Vatsapp”dan, Feysbukdan yozdim, yana jim.

Nihoyat, “Vatsapp”dan kimdir javob berdi:

– Alo!

– Muzomiddin aka, bormisiz?

– Alo? Sen kimsan?

Angrayib qoldim.

– Bu Muzomiddin akaning raqami emasmi?

–.... (javob yoʻq).

Oradan ikki-uch hafta oʻtgach, u kishining ayoli Hurizod xonimdan xabar keldi: Muzomiddin aka bir oycha avval Haq rahmatiga qovushibdi. “Vatsapp”da menga javob bergan kimsa esa u kishining oʻgʻli ekan!

Haligacha eslasam, oʻsha manzara koʻz oldimga keladi. Gullagan joʻka va nastarinlar ostidan halloslab chopib kelayotgani, guldor koʻylagi... “Oʻzbekistondanmisiz?” degan quvonch toʻla sas!

Vatan desalar, shu voqeani eslayman. “Iltimos, oʻzbekcha gapiring, jon uka” deb yalinishlari qulogʻimga eshitiladi. “Otamning, onamning, bolaligimning, hayotimning tili, jon oʻzbekchamda gapiring!”

Ochigʻi, bu samimiy kishini ich-ichimdan yoqtirib qolgan edim. Uning xatti-harakati, hayajoni va yurt sogʻinchi Antaliyani Oʻzbekistonga aylantirib qoʻygan edi-da.

Ichi sogʻinchga toʻlib ketgan u kishi ham, ayoli ham Oʻzbekistonni bir umr qoʻmsab yashashibdi. “Bu yerlarda xuddi vaqtinchadaymiz”, degan edi. “Kun kelib, Andijonimga, Boʻkamga qaytib boradigandayman” degan edi. “Ota-onamni koʻrgani boraman. Vaqti kelganida qaniydi, ularning yonida, ikkoviga erkalanib-erkalanib yotsam...” degan edi...

Ushbu haqqoniy hayot voqeasini boʻkalik taniqli yozuvchi Muhammadjon Soipov ham tasdiqlaydi. Ular Muzomiddin aka bilan yoshlikdan qalin doʻst boʻlishgan ekan.

Shu ulugʻ ayyom kunlarida yaqinlarim, ulugʻlarim, ustozlarim, tengdoshlarim, oʻn gulidan bir guli ochilmay soʻlgan gul-chechaklarimni eslar ekanman, bexosdan Muzomiddin aka ham xayolimga keldi. Gul-gul yashnab, yuz-koʻzida sogʻinch aralash quvonch balqib shosha-pisha soʻzlashlari, Hurizod xonimning bosh irgʻab, erining gaplarini tasdiqlashlarini esladim.

Nachora, oʻlim haq. Ruhi shod boʻlsin, nur ichida yotsin! Qolganlarga, u kishining umr yoʻldoshi Hurizod xonimga uzoq umr, sogʻlik-salomatlik bersin.

Darvoqe, Muzomiddin akaning bir oʻgʻli ham bor edi. Lekin undan sira xabarim yoʻq. Soʻzlashmadik ham, koʻrishmadik ham. Kim bilsin, balki yurgandir oʻsha yoqlarda...

Isajon SULTON,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat

koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi.


9 511
OʻzA