Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.04.2018 20:40 Chop etish versiyasi

Ilmiy qimmatga ega mavzular

Toshkent davlat agrar universitetida moyli ekinlarni yetishtirish va qayta ishlashning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Universitet prorektori M.Odilov, professorlar H.Otaboyeva, M.Toshboltayev va boshqalar O‘zbekistonda moyli ekinlarni yetishtirish va qayta ishlashning me’yoriy-xuquqiy va tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, moyli ekinlarning seleksiyasi, urug‘chiligi va urug‘shunoslik muammolari hamda o‘simliklar genofondini boyitish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va ularning natijalarini alohida qayd etib o‘tdi.

– Anjumanga nafaqat poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlari, ilmiy muassasalari, balki viloyatlardan ham olimlar, o‘qituvchilar, mutaxassislar, yosh tadqiqotchilar va talabalar taklif etildi, – dedi Toshkent davlat agrar universiteti Innovatsiya va integratsiya markazi rahbari O.Fayziyev. – Unda biz moyli ekinlarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan bir qatorda sohadagi kamchiliklarni muhokama qildik, o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal etish chora-tadbirlarini belgilab oldik. O‘tkazilgan tadbir esa ushbu jarayonda ilm ahli va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlab, yangi g‘oya va innovatsion loyihalar ustida izlanishlar olib borishga keng imkoniyat ochadi.

Tadbirda “Moyli ekinlar seleksiyasi: hozirgi holati va kelajagi”, “Yog‘-moy sanoati majmuini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari”, “Lalmikor yerlarda moyli ekinlar yetishtirish agrotexnologiyasi va seleksiyasi”, “O‘zbekistonda soya yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalari”, “Moyli ekinlarning asosiy zararkunanda va kasalliklari, ularga qarshi kurash choralari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Dolzarb va ilmiy qimmatga ega mavzulari bilan qatnashgan olim va tadqiqotchilar rag‘batlantirildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 304