O‘zA O`zbek

05.02.2020 Chop etish versiyasi

Ilmiy natijalarni chop etish tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrlar roʻyxati bekor qilinmoqda

Ilmiy natijalarni chop etish tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrlar roʻyxati bekor qilinmoqda

Xorijiy davlatda ilmiy daraja va ilmiy unvon olganlik toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish tartibi tubdan qayta koʻrib chiqilib, jarayon Davlat xizmatlari agentligi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Bu haqda Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Anjumanda OAK faoliyatidagi tizimli ishlar, natijalar va ustuvor vazifalar, tizimga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, rivojlantirish, hujjatlar ijrosi, murojaatlar bilan ishlash va ijro intizomini mustahkamlashga doir masalalar xususida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, matematika, kimyo va geologiya kabi fanlar yoʻnalishida erishilgan asosiy natijalar, kelgusidagi muhim vazifalar haqida toʻxtalib oʻtildi.

– Bugun mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida kechayotgan yangilanish va oʻzgarishlar ilm-fan, taʼlim sohasida ham yuqori darajalarda boʻy koʻrsatmoqda, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov. – Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, attestatsiyadan oʻtkazish masalasiga yuksak darajada eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2013-2019-yillar davomida 3 ming 450 nafar talabgorning 1 ming 175 nafari fan doktori, 2 ming 275 nafari falsafa doktori ilmiy darajalariga tasdiqlandi. Shulardan fan doktori ilmiy darajasiga tasdiqlangan talabgorlarning 787 nafari, falsafa doktori darajasida tasdiqlanganlarning esa barchasi, yaʼni 2 ming 275 nafari 2017-yil 1-iyuldan keyingi davrda ilmiy darajalarga erishdilar.

2017-yil 1-iyulga qadar respublikamizning oliy taʼlim va ilmiy- tadqiqot muassasalarida 40 ta ilmiy kengash faoliyat yuritgan boʻlsa, endilikda ularning soni 160 tani tashkil qilmoqda. Oʻtgan 2019-yilda Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatida jami 1612 ta attestatsiya ishi koʻrib chiqildi. Jumladan, 321 fan doktori ilmiy darajasi, 1139 falsafa doktori ilmiy darajasi, 131 professor, 82 katta ilmiy xodim va 417 nafar kishi dotsent ilmiy unvonlariga tasdiqlandi. 2 ta fan doktori, 28 ta falsafa doktori diplomlari nostrifikatsiya qilindi. 41 ta attestatsiya ishiga esa rad javobi berildi.

Yana bir eʼtiborga molik masala shundaki, fan doktori ilmiy darajasiga tasdiqlanganlarning 33 foizini, falsafa doktori ilmiy darajasiga tasdiqlanganlarning 37 foizini ayollar tashkil etmoqda.

Himoya qilingan barcha dissertatsiyalarning ilmiy natijalari amaliyotga joriy qilindi.

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va innovatsion taraqqiyotini jadallashtirishda ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatni takomillashtirish, samarali ilmiy faoliyatni ragʻbatlantirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasini tashkil etish sifatini oshirish boʻyicha bir qator takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida ilmiy ishlanma yaratgan falsafa doktori yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega talabgorga fan doktori, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etgan talabgorga falsafa doktori ilmiy darajalarini berish tartibi joriy etilmoqda. Attestatsiya sohasida oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mustaqilligiga erishish uchun dotsent, katta ilmiy xodim va professor ilmiy unvonlarini mustaqil berish vakolati tajriba tariqasida OTM reytingi boʻyicha yuqori turuvchi 30 ta oliy taʼlim muassasasiga hamda Fanlar akademiyasi tavsiyasi asosida ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashlariga berilmoqda.

31 433
Xurshid QODIROV, OʻzA