O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

Ilmiy ish natijalari amaliyotga samarali tatbiq etilayapti

Ilmiy ish natijalari amaliyotga samarali tatbiq etilayapti

Poytaxtimizda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash tomonidan fizika-matematika fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Har qanday jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash va barkamol avlodni tarbiyalashda oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimi muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda ham talab yuqori boʻlgan malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 16-fevraldagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni bugungi kunda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, ularni attestatsiyadan oʻtkazish, ilmiy izlanishlar sifati, samaradorligini tubdan oshirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy tadqiqot faoliyatiga keng jalb etishda muhim huquqiy asos sifatida xizmat qilmoqda.

Sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ilmiy tadqiqotlar sifati va samaradorligini yanada oshirish, taʼlim tizimini yuqori salohiyatli kadrlar bilan taʼminlash, barcha sohalarning innovatsion rivojlanishini yanada jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ilmiy kengashda 2017-2019-yillar davomida 15 nafar talabgor, jumladan, 9 nafar falsafa doktori (PhD) va 6 nafar fan doktori (DSc) ilmiy darajalari tasdiqlandi. Ilmiy darajalarda tasdiqlangan barcha talabgorlarning dissertatsiyalarida olingan ilmiy natijalarning toʻliq amaliyotga joriy qilinishi taʼminlangan.

Jumladan, membranali VAM-neyron toʻrlari, kompleks qiymatli neyron toʻrlari, Koxen-Krossberg neyron toʻrlari hamda kasr hosilali neyron toʻrlari uchun sinxronlashtirish, turgʻunlik va dissipativlikni tekshirish usullari immun jarayonlarni matematik modellashtirish asosida klinik koʻrsatuvlar natijasida toʻplangan maʼlumotlar bazasini tasniflash imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, ishlab chiqilgan chiziqli boʻlmagan kechikuvchi differensial tenglamalarni sonli yechish algoritmlari asosida sil bilan ogʻrigan bemorlarda fiziologik jarayon kechikishini prognoz qilish usuli yaratilgan. Koxen-Krossberg VAM-neyron toʻrlarini turgʻun boʻlmagan holda stabillashtirish uchun yaratilgan algoritm asosida VAM gibrit neyron toʻrlarining parametrlariga bogʻliq muvozanat yechimining global asimptotik turgʻunlik kriteriyalari ishlab chiqilgan. S-blok qurish algoritmi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi “Zebra” dasturiy taʼminoti ishlab chiqilgan.

– Bugungi kunda matematika va axborot texnologiyalari yoʻnalishida himoya qilingan dissertatsiyalar jahon miqyosida yuqori nufuzga ega boʻlgan mavzu, – dedi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti dotsenti, fizika-matematika fanlari doktori Zafar Rahmonov. – Ilm izlash, ilmiy ish qilish mashaqqatli jarayon, ular natijasini amaliyotda qoʻllash esa yanada muhim.

943
Barno MELIQULOVA, OʻzA