O‘zA O`zbek

11.10.2019 Chop etish versiyasi

Ilmiy faoliyat sohasi tartibga solinadi

Ilmiy faoliyat sohasi tartibga solinadi

Senatning yalpi majlisida “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi. 

So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan ilm-fan sohasiga alohida e’tibor qaratilib, respublikada yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy innovatsion faoliyatni rivojlantirish, oliy ta’lim va ilm-fan salohiyatini mustahkamlash, iste’dodli yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish borasida maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu boisdan mamlakatimizda ilm-fan sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, salohiyatli kadrlarning qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga katta ahamiyat berilmoqda. Xususan, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida 26 ming 476 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ularning 10 mingga yaqini ilmiy darajalarga ega. Birgina 2018-2019 yillarda 1 ming 382 nafar tadqiqotchi dissertatsiya himoya qilgan. Biroq sohadagi mavjud kamchilik va muammolar, avvalo, uning qonunchilik negizini yangilash va mustahkamlashni taqozo etmoqda.“Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bu yo‘nalishda qo‘yiladigan muhim qadam bo‘lishi lozim.

Uning maqsadi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjatni yaratish, ilmiy faoliyat sohasini davlat tomonidan tartibga solish prinsiplarini belgilaydi. Shuningdek mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini hal etishda ilmiy g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar imkoniyatlarini kengaytirishni ta’minlashdan iborat.

Belgilanishicha, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayoni bilan birga ilmiy faoliyat ham yuritiladi. Ushbu muassasalarning pedagog kadrlari tegishli yo‘nalishlarda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi shart.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

2 778
N.Nasriev, O‘zA