O‘zA O`zbek

26.08.2018 14:09 Chop etish versiyasi

Ilmimni ziyoda qil, parvardigorim! (Toha surasi, 114-oyat)

Ilmimni ziyoda qil, parvardigorim! (Toha surasi, 114-oyat)
Yaqinda ikki yosh turmush qurishga rozilik berilmaganligi uchun oʻzini poyezd tagiga tashlaganligini eshitdim. Qiz oʻn yetti yosh, yigit yigirma bir yosh ekan.

Bu hodisani turlicha talqin qilish mumkin. Muhabbat uchun jon qurbon qilish deyish ham.

Bir birlari uchun jonini ham ayamadi deyish ham...

Bu dunyoda birga boʻlmasak, narigi dunyoda birga boʻlamiz deyish ham...

Bizni bu dunyoda hech bir kuch ajratolmaydi deyish ham...

Qarshiliklarga qarshi isyon deyish ham mumkin.

Shoirona romantika deyish ham mumkin.

Yoshlik beboshlik deyish ham mumkin.

Yoshlikka xos joʻshqinlik oqibati ham deyish mumkin. Lekin nima boʻlganda ham eng katta jabr, ular oʻylaganidek, boshqalarga emas, aynan ularning oʻzlariga boʻldi. Ular qarshi chiqqan, ular oʻch olamiz, ular mana koʻrib qoʻyishadi, nima boʻlishini deb oʻylagan, ular dushman deb oʻylagan, oʻz ota-onalari, qavmu qarindoshlariga emas, eng katta jabrni, eng katta yoʻqotishni, eng katta falokatni oʻzgalar emas, aynan ikki yoshni oʻzlari koʻrishdi. Ular oʻz hayotlarini yoʻqotdi. Oʻz umrlarini boy berishdi. Bu dunyodagi eng aziz narsa tiriklik degan ulugʻ neʻmatdan bebahra qoldi. Qolganlar esa tirik. Qolganlar gʻam anduh chekib, qaygʻuga botsalarda, hayot degan bebaho lazzat, oʻz goʻzalliklaridan bahramand etib, qolganlarni turli saodat bilan rohatlantirishda davom etmoqda.

Qolaversa... muhabbat bu, bir birini jarga itarish emas, bir birini yuksaklik sari yetaklashdir. Yigit rostdan ham qizni jon dili bilan sevganida, uni poyezd tagiga tashlashga hech qachon rozi boʻlmagan, aksincha, men seni dunyodagi eng baxtli, eng saodatli, barcha orzu umidlari ushalgan, malikalar singari hayot kechiruvchi qizga aylantiraman va buning uchun tanimda qatra qon qolguncha kurashaman, bu dunyoda hech qanday toʻsiq yoʻlimni toʻsib qololmaydi, meni hech kim hech qachon toʻxtatolmaydi deyishi kerak edi.

Agar qiz ham yigitni jonu dilidan sevganida, avvalambor bu soʻzni qiz yigitga aytishi kerak edi. Chunki, yashash maʻnosida qiz bolalar oʻgʻil bolalarga nisbatan hamisha aqlliroq, donoroq, yashovchanroq, hayotni sevuvchanroq, kamroq tavakkal qiluvchi, mardlik, jasorat koʻrsatuvchi boʻlishadi. Agar qiz bola, qoʻying, bu yoʻldan qaytaylik, men sizni yashashingizni istayman, men sizni dunyodagi eng baxtli inson boʻlishingizni, sevgi va muhabbatdan hamisha sarmast yashashingizni, siz davrimizning eng mard, jasur, oilaparvar, xalqimizga, millatimizga xizmat qiladigan buyuk inson boʻlishingizni, galstuk taqib, koʻcha koʻyda gʻoz yurishingizni istayman, hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi, oila quramiz, bir umr choʻringiz boʻlib xizmatingizni qilaman deganda, albatta yigit oʻz shahdidan qaytgan boʻlar edi. Ammo... afsuski ular boshqa yoʻlni tanlashdi. Ular ota-onalari, qavmu qarindosh, hamshahru hamqishloqlari, jamiyatga qarshi... qasddan, oʻchakishib boshqa yoʻl tanlashdi.

Endi 21 yashar farzandini yoʻqotgan ota-onaning ahvolini tasavvur qiling. Ona, sen oʻlgandan koʻra men oʻlsam boʻlmasmidi, deb ohu faryod chekayotganini koʻrasiz. Meni qaro yerga kirgizib ketding oʻgʻlim, deb unsiz nola qilayotgan ota koʻz oldingizga keladi. Bunday jabru jafoni, bunday ogʻir musibatni hech kimga ravo koʻrmagan boʻlar edik. Ota-onani mana shunday kulfatga, falokatga qasddan, ataylab tashlab ketish qaysi farzandlik oʻlchoviga toʻgʻri keladi.

Oʻn yetti yasharlik gulday qiz, hali ona quchogʻidan chiqib ulgurmagan, hali bolalik zavqu shavqi tanasidan ketib ulgurmagan, hali hayotga boqib hayrati koʻzida balqib turgan qiz, ota-onasi ne mashaqqatlar bilan uni parvarishlab, boshida toj singari koʻtarib, katta qilganini, oʻzlari yemay unga yedirganini, oʻzlari ichmay unga ichirganini, oʻzlari kiymay avval unga kiydirganini, oʻzlaridan koʻra uni yaxshiroq koʻrishini unutishga ulgurmagan qiz, ota-onasiga qarshi isyon qilib, qasdlashishi hech qanday aqlga sigʻmaydi. Ular oʻzlari bilmagan holda, ota-onalariga qarshi eng ashaddiy dushmanlari ham qilmagan vahshiylikni qildilar.

Ular balki, tushkunlik tuzogʻiga tushib qolganligi uchun qilgandir. Balki, johillik, balki ilmsizlik, balki oʻz qobiqlariga oʻzlari oʻralashib qolganligi uchun, bu ishni qilgandir. Balki, qoʻrquvdan, vahima bosganidan, biror doirani taʻsiridan bu ishni qilgandir. Bu sirni ular oʻzlari bilan olib ketdi. Bu sir nimaligi endi birgina Xudoning oʻzigagina ayon.

Bu maqolani yozib, ikki yosh norasidani ortidan tavqi laʻnat otmoqchi emasman. Oʻlgan oʻlib ketdi, Xudoyimning oʻzi endi ular bilan hisob-kitob qiladi. Oʻz qilmishlariga endi ular oʻzlari javob beradi. Tiriklarning hech biri endi, ularning hisob-kitob daftariga, na yaxshi gap, na yomon gap qoʻsholadi. Endi ularning ortidan gapirishga bizning haqqimiz yoʻq. Gap shundaki, gap ularning oʻzidagina boʻlganida ushbu maqolani yozib oʻtirmasdim. Yozayotganimning sababi, afsuski undaylar bitta ikkita emas, oʻnta-oʻn beshtalab emas, bunday fojialar keyingi yillarda yuzlab boʻlyapti. Bu yozayotganlarim oʻliklarga emas, tiriklarga, tushunmay bunday fojealarga qoʻl urishi mumkin boʻlganlarga atab yozilmoqda.

Yaqinda, oʻn olti yoshga kirgan qizga atab, sinfdoshi sevgi maktubini yozgan. Maktub aylanib-aylanib qizning akasining qoʻliga tushgan. Akasi, maktub yozgan “oshiq”ni oʻlasi qilib urgan. “Oshiq”ni otasi qiznikiga ketmon koʻtarib kelgan, qizni urib darvozasini sindirgan, bolani urgan, bolaga qoʻshib onasini urgan, onasini urayotganda otasi yetib kelgan, butun qishloq ikkiga boʻlinib, urusha ketgan. Bu sharmandaliklarga, gap-soʻz, ur-yiqitga chidolmagan qiz, uyga kirgan-u, oʻzini deraza pardasiga osgan. Salga tushib ketadigan deraza pardasi, falokat bosib, mustahkamroq chiqib qolgan, to qizning joni chiqquncha koʻtarib turavergan...

Majburiy ijro byurosi xodimlari yer, uy, daromad soligʻi toʻlamagani uchun uy egasini qattiq qiyin qistovga olgan. Uyni tortib olamiz deya, doʻq-poʻpisa qilgan, ish yoqalashishgacha, sudgacha borgan. Uy egasi jahl ustida qasddan, barcha uy oila aʻzolari, ikki bolasi, xotinini, oʻzini uy ichiga olgan-u, eshikni qulflab, butun uyni yoqqan. Burgaga achchiq qilib, koʻrpani yoqdi, deganlariday alamini oʻzidan olgan, gʻazabini oʻziga sochgan. Oʻz hayotini, bolalari, ahli ayolini hayotini juda arzonga sotgan. Johillik, kaltafahmlik, vahshiylikning eng oliy namunasini namoyish etgan.

Bunday oʻz joniga qasd qilish holatlari namunasini yana va yana bir qanchasini misol qilib keltirish mumkin. Ammo gapni choʻzib oʻtirishdan, misol keltirishdan maqsadimiz nima ekanligini aytib qoʻya qolaylik.

Maqsadimiz, qiyomatda eng ogʻir jazoga mubtalo boʻlguvchilar, aynan oʻz joniga qasd qilganlar ekanligini aytish, Olloh oʻz oyati karimasida “Shuningdek, oʻzlaringizni oʻldirmangiz! Albatta, Olloh sizlarga rahm-shavqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat) deganligini tushuntirish va bunday qaltis va mudhish yoʻlga kirishi mumkin boʻlganlarni ogohlantirishdir.

Olloh insonni hamma gunohlarini kechirar ekan, ammo oʻz joniga qasd qilgan, oʻzini oʻzi oʻldirgan odamni, har qanday holatda, u hatto mana shunga majbur boʻlgan holatda ham aslo kechirmas ekan.

Olloh, nafaqat odamni oʻzini oʻldirishga, hatto ogʻir lahzalarda oʻziga biron tan jarohati yetkazishdan, qoʻlni kesish, yuzni timdalash, boshga mushtlash, sovuq suvga tashlab oʻzini atay kasal qilish, giyohvandlik, turli mast qiluvchi dorilarni ichish, jonini garovga qoʻyishning har qanday turidan qaytaradi va buni qattiq qoralaydi. Endi Olloh taoloning bu haqdagi oyati karimalarini mazmun-mohiyati, magʻzini chaqishga harakat qilaylik: “Yerda oʻrmalagan narsa borki hammasining rizqi Olloh zimmasidadir” (Hud surasi, 6-oyat). “Olloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. (Baqara surasi, 286-oyat). “(Ey, Muhammad alayhissalom) Mening iymon keltirgan bandalarimga ayting: “Parvardigoringizdan qoʻrqingiz! Bu foniy dunyoda ezgu ishlar qilgan zotlar uchun boqiy dunyoda jannat bogʻlari bordir. Ollohning dargohi kengdir. Hech shak shubha yoʻqki, sabr toqat bilan hayot kechirganlarga rohatda yashashlari uchun firdavs koshonalaridan goʻzal maskanlar berilur. (Zumar surasi, 10-oyat).” Olloh oʻz bandalariga mehribondir”. (Shoʻro surasi, 10-oyat). “U dedi: “Parvardigoringiz fazlu marhamatidan faqat adashgan kimsalargina noumid boʻlur”. (Hijr surasi, 56-oyat). “U odamlar tushkunlikka tushganlaridan keyin, ularni shodlantirish uchun yomgʻir yogʻdiradigan va oʻz marhamatini, barokatini keng yoyadigan Zotdir. (Shoʻro surasi, 28-oyat).

“U zot har kuni hayotni yangilab turar. Albatta har bir mashaqqat ortidan Ollohning izni bilan farogʻat ham kelar. Albatta har bir mushkulotning ortidan yengillik-halovat ham kelur. U Zot hamisha uygʻoq, bedor va ogoh, oʻz vazifasini bajarib turguvchidir. (Sharh surasi, 5-6 oyatlar).

Ushbu oyati karimalardan koʻrinib turibdiki, inson ozgina sabr qilsa, bu hayot tegirmoni oʻzgaruvchan, almashib turuvchi, yomon kunlar ortidan, yaxshi kunlar keluvchi, qiyinchiliklardan keyin rohat farogʻatli kunlar, saodatli lahzalar keladigan, halovatdan keyin halokat keladigan, sogʻliqdan keyin kasallik keladigan, inson yana sogʻayib yana oʻynab kuladigan, bir imtihondan oʻtib ikkinchi imtihonga boradigan, Yaratgan Parvardigori olam boshqarib turgan hayot charxpalagidir bu yorugʻ olam. Hayot bir lahza boʻlsin bir joyda turib qolmaydi. U hamisha oʻzgaruvchan. Hech qachon qaro kunlar ortidan yana qaro kunlar kelmaydi, albatta tun tongni yetaklab keladi. Shuning uchun, odam oʻzini oʻzi oʻldirishi Ollohga ishonmaslikdan, noshukurlikdan, besabrlikdan, iymonsizlikdan, ota-onasining mehr-muhabbatiga bepisandlikdan boshqa narsa emas. Oʻz oʻzini oʻldirgan odamga hatto janoza ham oʻqimasligining sababi ham shu. Chunki, oʻzini oʻzi oʻldirgan odam Ollohga kofir boʻladi. Kofirga esa janoza oʻqilmaydi. Chunki u musulmon birodarlarini birortasini birodar deb yoniga bormadi, bu ishda Ollohning hukmi menga qanday boʻladi, deb soʻramadi, jamoatdan uzildi, jamoat ham endi undan yuz oʻgiradi va uning janozasida qatnashishni oʻziga maʻn qiladi. Olloh hammamizni bunday falokatdan, xatodan omon saqlasin. Biz yashashimiz uchun, hayratlanishimiz uchun, moʻjizalarga guvoh boʻlishimiz uchun bu yorugʻ olamda million-million moʻjizaviy hilqatlarni yaratdiki, faqat lol qolishdan, Ollohning buyukligiga taslim boʻlishdan, bu dunyoni naqadar mukammal va bebaho goʻzalliklarga limmo lim toʻldirib tashlaganiga mahliyo boʻlishdan, butun vujudimiz, butun aqlu hushimiz, ongu shuurimiz, oyati shariflar asosida yashash, islom yoʻlini eng toʻgʻri yoʻl deb bilishdan boshqa ishimiz qolmabdi. Olloh yaratgan, jimitdekkina pashshada qanchadan-qancha moʻjiza borligini koʻraylik-a!

“400 ming marta kattalashtirib koʻrsatadigan elektron mikroskopda koʻrilganda maʻlum boʻldiki, pashshaning boshida yuzta koʻzi, ogʻzida 48 ta tishi, koʻksida 3 ta yuragi bor ekan. Pashshaning tanasida haroratni oʻlchovchi termometr bor ekan. U atrofidagi narsalarni rangidan, shaklidangina emas, haroratidan ham tanib olar ekan. Pashshaning qonni tahlil qiluvchi uskunasi boʻlib, u orqali qaysi tanaga qoʻnish, qaysi tanadan qon olish, qaysidan olmaslikni hal etar ekan. Shuning uchun, u hammadan qon soʻravermay, xuddi biz ovqatni tanlab yeganday, u ham tanlab-tanlab, oʻziga maʻqul kelgan, oʻziga xush yoqqan qonni soʻrar ekan. Pashshaning ninasi boʻlmish xartumida oltita yoʻlak boʻlib, har biri oʻz vazifasini bajarar ekan. Pashshaning panjalarida xuddi burgutniki singari oʻtkir tirnoqlari boʻlib, qoʻngan paytlarda ishga solar ekan. (Shayx Nabulsiy kitobidan)

Alloh taolo Qurʻonda shunday deb marhamat qilgan:

“Bu Allohning yaratganidir. Qani menga koʻrsating-chi, Undan boshqalar nimani yaratdilar“ (Luqmon surasi, 11-oyat).

Olloh taolo birgina pashshada (Toshkentda uni chivin deyishadi) shuncha moʻjiza yaratgan ekan, pashshadan kattaroq qushlarda, qoʻy-qoʻzida, sigir-u buzoqda, qolaversa hamma-hamma narsada qanchadan-qancha moʻjiza mujassam ekan. Insonning oʻzi moʻjiza emasmi? Koʻzing, qulogʻing, burning, qoʻl oyogʻing hamma hammasi moʻjiza emasmi? Olimlarning aniqlashicha, bitta odam tanasidagi tomirlarning uzunligi yuz ming kilometr ekan. Bu aqlni tang qoldiradigan moʻjiza emasmi? Inson yuragi shu qadar qudratli va mustahkam ekanki, butun umr mobaynida u ikki yuz ellik million marta urar ekan? Bu lol qoldiruvchi moʻjiza emasmi? Insonning tuxum kattaligiday buyragi bir million ikki yuz ming filtrga ega ekan. Bu Ollohdan boshqa hech kim bajarolmaydigan moʻjizaku! Inson miyasiga ikki yarim million gegabaytlik xotira sigʻar ekan. Insonning koʻrish qobiliyati 576 megapiksel ekan. Dunyodagi eng zoʻr fotoapparat yoki videokameraning koʻrish qobiliyati bor yoʻgʻi 50 megapiksel, xolos. Nega shuncha moʻjizaga ega boʻla turib, Olloh unga shuncha marhamat koʻrsatgan boʻlsa-da, nega inson oʻzini oʻlimga mahkum etadi? Bu berilgan tana, bizga Ollohning omonatiku? Nega uni asrab avaylamaymiz? Donolikni chegarasi boru, nodonlikni chegarasi yoʻq, deb balki shuni aytsalar kerakda. Odam oʻzini oʻzi oʻldirishi, shu oʻrinda aytish kerakki, ahmoqlikning eng yuqori choʻqqisidir. Bunday nodonlikdan, ilmsizlikdan Ollohim barchamizni asrasin.

Shu oʻrinda biz adiblarda ham ozgina ayb, ozgina notoʻgʻri fikrlash, ozgina havolanib ketish va bu nuqsonlarimiz ortidan oʻquvchilarimizni chalgʻitib qoʻyadigan gunohlarimiz bor. “Yorim senga jonim fido”, “Seni bir lahza koʻrmasam oʻlib qolaman”, “Sensiz yasholmayman”, “Sen meni hayotimsan”, “Sensiz menga bu dunyo qorongʻu”, “Ado boʻldim” kabi misralar qalamimiz ostidan chaqnab chiqib ketaveradi. (Bu soʻzlarim bugungi zamonaviy shoirlar haqidadir. Aslo, Alisher Navoiy yoki Boborahim Mashrab bobolarimiz haqida emasdir. Ular avliyo zotlar edilar. Nafaqat ularning oʻzlari, balki ularning adabiy qahramonlari boʻlmish Layli, Majnun, Farhod va Shirinlar ham, Ollohning oshiqlari, valiy zotlar edilar. Bu haqda, boshqa maqolalarimizda boshqa safar batafsilroq toʻxtalib oʻtamiz). Shu gaplarni rost deb bilgan baʻzi oshiqi beqarorlar oʻzini oʻldirmay kimni oʻldirsin. Ammo bilishmaydiki, shu soʻzlarni yozgan shoirlarni birortasi hali oʻzini oʻldirgani yoʻq. Shunchaki yorga yaxshi koʻrinish uchun sheʻr yozib qoʻyishgan, xolos. Ayniqsa, bu sheʻrlarni qoʻshiq qilib kuylagan xonandalar, oʻzlarini oʻldirish tugul, ado boʻlish fikridan ham mutlaqo yiroqlar. Ammo, shu oʻldim kuydimlarga ishonadigan, oʻzlarini oʻldirib, kuydiradiganlar ham, shu sheʻrlardagi gaplarni rost deb biladiganlar ham oramizdan chiqib qolyapti. Ey, yoronlar, bu soʻzlarga mutlaqo ishonmanglar. Albatta, dunyoda muhabbat tuygʻusi bor narsa. Muhabbatning borligi ham rost. Ammo haqiqiy muhabbat, insonni halokatga yetaklovchi emas, ulugʻlikka yetaklovchidir. Agar u halokatga yetaklasa, demak u muhabbat emas. Qolaversa, haqiqiy inson, oʻz aqlu hushini tanigan, barkamol inson, mahluqni emas Holiqni sevuvchi insondir. Ollohni sevgan, Ollohga iymon keltirgan inson, Olloh turganda, u yaratgan narsa uchun, u yaratgan inson uchun jonini fido qilmaydi. Olloh qolib, u yaratgan inson uchun oʻzini qurbon qilsa, albatta kofir boʻladi. Qolaversa, yeru osmonlarni, butun samovatni, Oyu yulduzlarni, sayyoralarni, milliard-milliard odamlarni, hayvonlarni, ummonlarni, daryolarni, togʻu toshlarni, koʻzimiz koʻrib, aqlimiz anglab turgan hamma narsani Yaratgan zot Olloh boʻlsa-yu, oʻsha biz sevgan mahbubaning oʻzini ham Olloh yaratgan boʻlsa-yu, nega Ollohga emas, uning maxluqiga jonimizni fido qilishimiz kerak. Bizda ozgina iymon boʻlsa, yozadigan jonbaxshida satrlarimizni bundan keyin oʻylabroq yozsak, oʻzini oʻlimga mahkum qilib qoʻyayotgan oshiqlarimizni safini biroz kamayishiga hissa qoʻshib qolar edik.

Soʻz yakunida shuni aytmoqchimanki, albatta ushbu maqola oʻtganlarni, oʻzini oʻzi oʻldirganlarning ortidan otilgan taʻna toshlari emas, balki tiriklarga qarata, “Hayotni seving, tiriklikni ulugʻ neʻmat deb biling, umringizni har bir lahzasini zavqu shavqqa, mehru muhabbatga, ezgulikka, savob ishlarga toʻldiring!” maʻnosidagi daʻvatnoma deb tushunishingizni istar edim. Hayot siz oʻylaganchalik uzoq va tuganmas muddat emas. Bugun yigirma yoshda boʻlsangiz, hademay ellikka kirib qolasiz. Ellikka kirsangiz, hayotingiz poyoniga yetayotganini har lahza his qilib turasiz. Shunday ekan, Xudo bergan, tiriklik degan ulugʻ neʻmatni qadriga yetaylik, har bir lahzasini ardoqlaylik, har bir kunni sharafga, shonga toʻldiraylik. Agar bu ishlar qoʻlimizdan kelmasa, Kaʻbani ziyorat qilishdan ham ulugʻroq ish, bir inson qalbini shodlikka, baxtga, sevinchga, farahga toʻldiraylik. Yoinki ellik yil nafl nomozi oʻqishdan ham ulugʻroq ish, bir soat ilm olish, ilmu irfon bilan tafakkurimizga chiroq yoqish bilan mashgʻul boʻlaylik. Yoki eng oliy saodatlarning biri, bir necha daqiqa boʻlsin Qurʻon oʻqib, oʻzimizni azizlar qatoriga qoʻyish baxtiga musharraf boʻlaylik. Bularning hech biri hech bir mashaqqat talab qilmaydigan, ammo insonga katta saodat keltiradigan barokatli yumushlardir. Aslini olganda, oddiy insoniylik burch boʻlmish, onangizni ona deb suyushning oʻzini ham, qancha gashti, qancha zavqu shavqi bor. Onaning quchogʻida bir lahza boʻlishning oʻzini qancha tarovati bor. Farzandingizni bir lahza quchish, mehru muhabbat bilan erkalashning oʻzi bir dunyo farogʻat baxsh etadi. Doʻstingiz bilan bir soat hangoma qilib oʻtirish, dildan suhbat qilish tuganmas huzur halovat emasmi? Yana qancha baxt kerak insonga?! Hech boʻlmaganda FBda oʻtirish ham, odamlarning fikri bilan oʻrtoqlashish ham kishiga qanchalik zavq beradi. Xullas, bu dunyo baxt-saodatga toʻla! Biz undan bahramand boʻlishni bilishimiz kerak, xolos. Bunday baxtu saodatlarni bir bir sanayversam, ularning soni falakdagi yulduzlarning sonidan oshsa oshadiki, aslo kam boʻlmaydi. Albatta, hayot qiyinchiliklarga, xafagarchilik, mashaqqatlarga toʻla. Ammo, ularning hammasini yigʻib, xirmon qilib uysangiz, uygan xirmoningiz qabr doʻngalagicha boʻlsa, bu dunyoning yaxshi va goʻzal jihatlarini toʻplasangiz, balandligi Himalay togʻidan balandroq va salobatliroq boʻlib ketadi. Chunki, “Olloh oʻz bandalariga Mehribondir!” (Shoʻro surasi, 19-oyat)

Muhammad Ismoil,
Toshkent shahar, Mahalla Kengashi bosh mutaxassisi.

2 787