Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2018 16:40 Chop etish versiyasi

Ilm-fanga yo‘naltirilgan mablag‘lar ijrosi nega deputatlar tanqidiga uchradi?

Ilm-fanga yo‘naltirilgan mablag‘lar ijrosi nega deputatlar tanqidiga uchradi?
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti ijrosida ijtimoiy xarajatlarning 2018-yil I yarim yillik rejasi bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirilmadi. Maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishda ayrim hududlarda o‘sish kuzatilmayapti. Nega? Innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va “startap” loyihalarini moliyalashtirish uchun qancha mablag‘ ajratildi?

Parlament quyi palatasi Matbuot xizmati xabar qilishicha, joriy yil 14-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasida muhokama qilingan Davlat byudjeti ijrosining 2018-yilning I yarim yilligi yakunlari to‘g‘risidagi hisobotda deputatlarni qiziqtirgan shu kabi qator masalalar qizg‘in muhokama etildi. Fraksiya a’zolari Davlat byudjetining ijrosi muhokamasida sotsial-demokratik g‘oyalarga tayangan holda, asosiy e’tiborni ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan ishlarga qaratdilar.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 18 378,5 milliard so‘m yoki umumiy xarajatlarning 55,7 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 12 foizni tashkil etadi.

Fraksiya a’zolari 2018 yilning I yarim yilligida ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim standartlari va dasturlarini takomillashtirish, shuningdek ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni davom ettirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilganini alohida e’tirof etdilar. Xususan, ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan ajratilgan 9 586,9 milliard so‘m mablag‘ning qay darajada maqsadli ishlatilgani deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Shuningdek, partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib, ilm-fanni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan mablag‘lar ijrosi ham alohida ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida mavjud 300 dan ortiq ilmiy-tadqiqot markazlari, ilmiy-ishlab chiqarish tashkilotlari va innovatsion markazlar uchun hisobot davrida Davlat byudjetidan 168 milliard so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 43 milliard so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilmagani deputatlar tomonidan jiddiy kamchilik sifatida qayd etildi.

Innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, “startap” loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 50 milliard so‘m miqdorida byudjet mablag‘lari ajratilgani O‘zbekiston kelajagini innovatsion iqtisodiyotda deb hisoblovchi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari tomonidan alohida e’tirof etildi. Chunki, bu sohaga ajratilayotgan mablag‘lar miqdorini oshirib borish mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va aholi farovonligi garovi ekani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, qamrov darajasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8,4 foizga, Toshkent shahrida 19,5 foizga, Samarqand viloyatida 2,5 foizga kamaygani mazkur sohada parlament va deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish lozimligini ko‘rsatmoqda.

Muhokamalar jarayonida O‘zbekiston “Adolat” SDP saylovoldi dasturidan o‘rin olgan sog‘liqni saqlash sektorini rivojlantirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan mablag‘lar ijrosi ham fraksiya a’zolari diqqat markazida bo‘ldi.

Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash bilan birga kasalliklarning profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar tahlil etildi. Xususan, 2018 yilning o‘tgan 6 oyida profilaktika xizmatlariga 1288,1 milliard so‘m, ya’ni sohaga ajratilgan mablag‘larning 30,8 foizi yo‘naltirilganini e’tirof etish barobarida deputatlar ushbu mablag‘larning maqsadli sarflanishiga alohida e’tibor qaratdilar.

Bundan tashqari, 2018-yilda tez tibbiy yordamni moliyalashtirish hajmi oshirildi. Ya’ni, respublika bo‘yicha har bir chaqiruv qiymati 5 ming so‘mga yetkazildi (bu 2017-yilga nisbatan 2,3 barobarga ko‘p), hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalarini markazlashgan tarzda dori vositalari va tibbiyotda qo‘llanish uchun mo‘ljallangan buyumlar bilan ta’minlash tartibi joriy etildi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng fraksiya a’zolari O‘zbekiston “Adolat” SDPning dasturiy maqsadlari nuqtai nazaridan kelib chiqib, o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

O‘zA
1 507