O‘zA O`zbek

24.08.2018 18:55 Chop etish versiyasi

Ilm ahliga berilgan katta mukofot

Ilm ahliga berilgan katta mukofot
Istiqlol sharofati bilan ilm-fan fidoyilariga qaratilayotgan yuksak eʻtibor, gʻamxoʻrlik yuzasidan arxeolog-tarixchi olim, akademik Ahmadali ASQAROV Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

– Men oʻzbek elining mehnatkash dehqon oilasida dunyoga kelib, mehnat tufayli hayotiy orzularimga erishdim, – deydi A.Asqarov. – Barcha erishgan yutuqlarim ota-onamning pandu nasihatlari, dildan qaynab chiqqan duolari tufaylidir. Biz oilada sakkiz jon ulgʻayganmiz. Dadam mirishkor dehqon boʻlgan.

Biz maktabda oʻqigan zamonda qishloqda oliy maʻlumotli oʻqituvchi deyarli yoʻq edi. 10-sinfda oʻqiyotganimizda maktabimizga Toshkentdan oliy maʻlumotli tarix oʻqituvchisi direktor boʻlib keldi. Ustoz notiq edi. Tarixchi boʻlishimga shu oʻqituvchimiz sababchi boʻlgan, desam yanglishmayman.

Toshkentga oʻqishga borish orzuim edi. Ota-onam esa nochorlikdan “Bolam, hamma oʻqiyversa, podani kim boqadi, sholini kim ekadi, paxtani kim yetishtiradi”, deb menga nasihat qilardi. Hozirgidek “oʻqi, harakat qil, bilimli, ilmli boʻl” deyishning iloji yoʻq edi. Bu – davr qiyinchiliklari bilan bogʻliq masala.

Oʻsha kezlarda qishlogʻimizda daryo toshqinidan hosil boʻlgan loyqa yerga arpa, sholi ekish avj olgan edi. Pasira sholini tizzasiga qadar loy kechib, oʻtdan tozalashga hammaning ham yuragi dov bermasdi. Men bir oy sholi oʻtash mardikorligiga bordim. Topgan pulim evaziga Toshkentda oʻqishga tayyorlanishim kerak edi. Boshqalar sholisini oʻtash hisobiga toʻplagan 50 soʻmimni otam koʻrgach, menga oq yoʻl tilab, duo qildi.

Shu tariqa arxeolog-tarixchi boʻldim...

Ayni kundagi abituriyentlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, qulayliklarni koʻrib, koʻzimga yosh keladi. Ular uchun hamma narsa muhayyo. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan davrda yashayapmiz. Biz oʻqigan paytlarda bunday imkoniyatlar yetti uxlab tushimizga ham kirmasdi.

...Ustozlarimning tavsiyasiga koʻra, aspiranturani Leningradda oʻqishimga toʻgʻri keldi. 1958 yil avgust oyida aspiranturaga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtdim. Oʻsha vaqtda ilm-fan rivojiga alohida eʻtibor berilgan, yosh olimlarni saralash boʻlayotgan boʻlsa-da, bu kabi jiddiy ishlar Moskva kengashida hal etilardi. Ammo yurtimizdan chiqqan olimlarni qayerda boʻlmasin hurmat qilishlari, qadrlashlari, ularning ilmiga tan berishlarining guvohi boʻlganman.

Meni professor Mixail Petrovich Gryaznov shogird sifatida tanladi. Ustozning keksa ayoli menga rus tilidan saboq bera boshladi. 1959 yil may oyida Moskvada oʻtkazilgan butunittifoq arxeologlar sessiyasida maʻruza qildim. Oʻzbekiston nomi tilga olinayotgani, yutuqlarimizni eʻtirof etishayotgani uchun faxrlanib ketdim.

Men umrning 83 bahorini koʻrdim, hayotning koʻp achchiq-chuchuklarini tatidim. Har bir jabhada halol mehnat tufayli orzular ushalishiga amin boʻldim. Fan nomzodi, fan doktori ilmiy darajalariga erishdim. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofotining sovrindori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʻzosi, soʻng akademigi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi kabi unvonlarga sazovor boʻldim.

...Bugungi kun yoshlari erishayotgan natijalar, dunyoni lol etayotgan yigit-qizlarimizni koʻrganimda, ularning qonida allomalar, olimlar, ziyolilar qoni oqayapti deyman. Shukronalar aytaman.

Mustaqillik erkin ijod qilish, turmushimizga farovonlik, hayotimizga yengillik berishi bilan birga, ilm ahli uchun ham koʻplab imkoniyatlar eshigini ochdi. Biroz qiyinchiliklarga uchragan boʻlsa-da, ilmiy izlanishlar bir joyda toʻxtab qolmadi. Ammo bir muddat fundamental fanning mavqei pasayib ketdi. Jamiyat taraqqiyoti uchun fundamental ilmiy salohiyatga eʻtibor berish davlat siyosatida oʻz oʻrnini topmay qoldi. Yoshlar qalbida xalq xoʻjaligi va ilm-fanning biror yoʻnalishi boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlishga intilish susayib, ular faqat diplomli boʻlish uchungina oʻqiydigan boʻlib qoldi.

Har bir voqeaning bir sababi va albatta yechimi ham boʻladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonimiz ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʻrifiy, ilm-fan hayotida tub oʻzgarishlar yuz berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 30 dekabr kuni mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashdi. Davlat rahbari iqtisodiyotimizning barcha sohalari taraqqiyotida ilm-fanning oʻrni, ahamiyati gʻoyat katta ekani, bu borada davlatimiz birinchi galda Fanlar akademiyasi va olimlarga suyanishi, fan va ishlab chiqarish hamkorligi bugun nihoyatda dolzarb ekanini alohida taʻkidladi.

Shuning oʻziyoq biz – ilm ahliga berilgan katta mukofot boʻldi. Biz bundan buyon ham mustaqilligimizni asrash, salohiyatli, bilimli shogirdlar tayyorlashga intilamiz, yurtimiz kelajagi uchun chin dildan mehnat qilamiz.

Barno Meliqulova yozib oldi,OʻzA
1 865