O‘zA O`zbek

24.04.2019 12:23 Chop etish versiyasi

Ilk marta “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi

Ilk marta “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi

Mazkur tanlov maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilarining pedagogik mahorati va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ularning ilgʻor tajribalarini ommalashtirish, innovatsion taʼlim texnologiyalarini taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy etishga qaratilgan.

Tanlovda uch yildan kam boʻlmagan mehnat stajiga ega tarbiyachilar qatnashishi mumkin.

Bu haqda Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.

Tanlovda “Eng yaxshi metodist-tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarni qoʻllaydigan eng yaxshi tarbiyachi” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi.

Har yili tuman (shahar) bosqichi 10 maydan 20 maygacha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar bosqichi esa 10 iyundan 20 iyunga qadar oʻtkaziladi. Respublika bosqichi 1 avgustdan 25 avgustga qadar tashkil etiladi.

Tanlovning Respublika bosqichi gʻoliblari faxriy diplom va esdalik sovgʻalari bilan mukofotlanadi. 1-oʻrin uchun eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha, 2-oʻrin uchun eng kam oylik ish haqining 30 baravarigacha, 3-oʻrin uchun eng kam oylik ish haqining 20 baravarigacha miqdorda mukofot belgilangan.

Muhim jihati, respublika bosqichi gʻoliblari oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga ega boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining “Maktabgacha taʼlim” yoʻnalishiga oʻqishga kirishda imtiyozga ega boʻladi.

OʻzA
724