O‘zA O`zbek

15.10.2019 Chop etish versiyasi

Ilk bor Olimpiya oʻyinlarida maxsus “jonli saytlar” ishga tushiriladi

Ilk bor Olimpiya oʻyinlarida maxsus “jonli saytlar” ishga tushiriladi

TOKIO-2020

Tokio, 15-oktyabr. OʻzA maxsus muxbiri Shohrux Noʻmonov xabar qiladi

Xabaringiz bor, keyingi yil Yaponiya poytaxti Tokio shahri XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya oʻyinlariga mezbonlik qiladi.

Mazkur musobaqalarda 200 dan ziyod mamlakatdan 15490 nafar atlet 55 ta sport turi boʻyicha 779 dona medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.

Sportchilarning 11090 nafari 33 ta sport turi boʻyicha olimpiya oʻyinlarida, 4400 nafari 22 ta sport turi boʻyicha paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etishi kutilmoqda.

Olimpiya oʻyinlari 24-iyuldan 9-avgustgacha boʻlib oʻtadi. Paralimpiya bellashuvlari esa 25-avgustda 6-sentyabrga qadar davom etishi koʻzda tutilgan.

Mazkur Olimpiya oʻyinlariga qoʻshimcha beshta sport turi kiritilgan. Ular orasida mashhur karate sporti ham bor. Paralimpiya bahslarida esa atletlar yana ikkita sport turi boʻyicha bellashish imkoniga ega boʻladilar.

photo5273952074503138545.jpg

Ushbu musobaqalar oldidan Tokio shahridagi Tokyo Big Sight koʻrgazmalar zalida tashkil etilgan “2nd World Press Briefing Tokyo 2020“ brifingida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar va media muhit, shuningdek, musobaqalarni yoritish masalalari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Dastlab Tokio – 2020 Olimpiya oʻyinlari Bosh ijrochi direktori Toshiro Muto soʻzga chiqib, barcha OAV xodimlarini olimpiya oʻyinlari oldidan tashkil etilayotgan ikkinchi brifingda koʻrib turganidan mamnun ekanini bildirdi. Jurnalistlardan bellashuvlarni yoritishda faol boʻlishni va uzatilayotgan axborotlar sifatli tarzda tayyorlanishiga eʼtibor berishini soʻradi. Shuningdek, dunyoning barcha qitʼalarida olimpiya hamda paralimpiya bahslari haqida axborot uzatishda yordam kerakligini aytdi.

photo5274056850230324260.jpg

Brifingda taʼkidlanishicha, musobaqalar davomida OAV xodimlari uchun axborot tarqatishda asosiy matbuot markazi vazifasini Tokyo Big Sight koʻrgazmalar zali oʻtab beradi.

Brifingda Tokio – 2020 Olimpiadasi uchun biriktirilgan masʼullar oʻz taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Jumladan, OAV xodimlarining Olimpiadaga kelishi, kutib olish jarayonlari, matbuot anjumanlari oʻtkaziluvchi hududlar, axborot uzatishda sifatli 5G internet tarmogʻi, ochilish hamda yopilish marosimlarini yoritishda texnik jihatdan qulayliklar yaratish, transport, bellashuvlarni bevosita tribunalardan uzatish uchun yaratilgan qulayliklar, miks-zonalar va boshqa masalalar haqida axborotlar berildi.

Ushbu xizmatlarga biriktirilgan masʼullar prezentatsiyalar orqali oʻz maʼlumotlari bilan oʻrtoqlashishdi.

photo5273952074503138516.jpg

Tashkilotchilar OAV xodimlari tomonidan yoʻllangan savollarga imkon qadar toʻliq javob berishga harakat qildi. Qolaversa, jurnalistlar ham namoyish etilayotgan prezentatsiyalar haqida koʻproq bilishga urinib, tashkilotchilarga koʻplab savollar bilan murojaat qildi. Savollarning aksariyati transport tizimi uchun javobgar boʻlgan shaxslarga yoʻllandi. Tokio dunyoning eng gavjum shaharlaridan ekani va transport bilan bogʻliq vaziyatlarda, metropoliten, avtobus hamda avtomobillarda harakatlanishda qanday huquqlar berilishi soʻraldi. Maʼlum boʻlishicha, OAV xodimlariga Olimpiya oʻyinlari vaqtida metropoliten va avtobuslardan foydalanishda chegirmalar beriladi. Oʻyinlarni yoritishda alohida mashinalar biriktirilib, yoʻllarda qulay harakatlanish uchun maxsus belgilar ular uchun ajratilgan avtomobillarning old va orqa qismlariga yopishtirib qoʻyilishi aytildi.

Bundan tashqari, bellashuvlarni xorijlik mehmonlar hamda mahalliy aholi vakillari jonli tarzda tomosha qilishi uchun avtobekatlarda, kafe va restoranlar, mehmonxonalar, koʻchalarda monitorlar oʻrnatilishi taʼkidlandi.

Tokio Olimpiadasining oldingilaridan ajralib turuvchi eng qiziq jihati shundaki, unda ilk bor barcha bellashuvlarni onlayn tarzda tomosha qilish uchun “jonli saytlar” ishga tushiriladi. Bunda muxlislar sport majmuasiga bormasdan turib oʻyinlarni mobil telefonlari yordamida koʻrishi va bir paytning oʻzida boshqa musobaqalarni ham jonli kuzatishi, natijalar bilan tezkor tanishishi mumkin boʻladi.

photo5274056850230324468.jpg

Brifing yakunida OAV vakillari oʻzaro muloqot qildilar. Ishtirokchilar uchun katta konsert dasturi namoyish qilindi.

photo5273952074503138547.jpg

Dastur doirasida Olimpiya oʻyinlarining rasmiy ramzlari hamda media xodimlar uchun maxsus liboslar namoyish etildi.

Olimpiada oldidan OAV vakillari uchun tashkil etilgan media tur davom etadi.

Saytimizni kuzatib boring!


1 879
OʻzA