O‘zA O`zbek

02.08.2018 19:27 Chop etish versiyasi

Ilhombaxsh tarixiy uchrashuv

2017 yil 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashdi. Shu kun ma’naviy hayotimizda yangi sahifa ochilgan sana sifatida yodda qoldi. Uchrashuvda har bir yo‘nalish bo‘yicha muammo va kamchiliklar teran va chuqur tahlil etilib, mavjud holatni tubdan yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shu uchrashuvdan so‘ng har bir ijodkor, madaniyat va san’at sohasi vakili faoliyatini xolis, tanqidiy-tahliliy nazardan o‘tkaza boshladi. Yillar davomida yig‘ilib kelgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga oid dolzarb vazifalar belgilandi. Oradan ko‘p o‘tmay bu kamchiliklarni huquqiy jihatdan bartaraf etish maqsadida bir qator qaror va farmonlar qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 18 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash to‘g‘risida”gi qarori barchamizga qanot bag‘ishladi. Qaror ijrosi doirasida bir qator tarixiy o‘zgarishlar amalga oshdi. Madaniyat vazirligi o‘z binosiga ega bo‘ldi. Yurtimizdagi yetakchi ijodiy tashkilotlarning “do‘stlari klubi” tashkil etildi. Buni ijod ahli katta quvonch bilan qarshi oldi, ko‘ngli o‘sdi.

Bunga misol ko‘p. O‘zbek Milliy akademik drama teatriga homiy sifatida biriktirilgan “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan ikki yillik aniq chora-tadbirlar hamda besh yillik reja tasdiqlandi. Teatrning kichik tomoshalar zali, elektr tarmoqlari, tikuv sexining tom qismi, duradgorlik ustaxonasi, elektr tarmog‘i ta’mirlandi. Qo‘shimcha videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Teatr grimxonalari uchun yangi texnik jihozlar xarid qilindi. Ko‘rsatilgan homiylik ishlariga umumiy hisobda 9 milliard so‘m sarflandi.

O‘zbekiston davlat qo‘g‘irchoq teatri “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi bilan 2017-2021 yillar davomida hamkorlik qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqdi. Teatr jamoasi Tojikistonning Dushanbe shahrida o‘tkazgan gastrol safariga 12 million so‘m miqdorida homiylik qilindi. Shu bilan birga yangi sahnalashtiriladigan “To‘maris” spektakli va Yangi yil tadbirlarini amalga oshirish uchun sarf-xarajatlar smetasiga ko‘ra 29 million so‘m mablag‘ teatr hisobidan, 71 million so‘m “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan qoplandi.

O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida mavjud reja asosida teatr binosi oldiga katta hajmdagi elektron ekran joylashtirildi. Ijodiy jamoaning “Masxaraboz” shou dasturi bilan Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib o‘tadigan gastrol safarlari uchun 113 million so‘m mablag‘lar ajratildi.

Ezgu maqsad yo‘lidagi homiylik ko‘magi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri, O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri, “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi, “Diydor” rejissyorlik va aktyorlik mahorati teatr-studiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi-yangi ijodiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, ijodkorlarga madad ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yo‘nalishda viloyatlarimizda faoliyat yuritayotgan ijodiy jamoalarga ham ulkan homiylik ishlari ko‘rsatildiki, qilingan ezgu ishlarni sanab adog‘iga yetish qiyin.

So‘z va amal uyg‘unligi bugungi islohotlarning ta’sirchanligini oshirayapti, desak ayni haqiqat. Zero, bir yil avvalgi uchrashuvda ilgari surilgan takliflar tahliliga xolis nazar tashlasak, madaniy-ma’rifiy hayotimiz uchun g‘oyat muhim masalalar hal etilayotganiga amin bo‘lamiz. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 yanvardagi “2018-2022 yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘sha uchrashuvda bugungi kino va spektakllarning saviyasi, xalq artistlarining mas’uliyati, ularning ijtimoiy burchi, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida kuyunchaklik bilan fikr bildirgan edi. Darhaqiqat, bu yo‘nalishda kamchiliklar ko‘p. Tomoshanbinga, ayniqsa, yoshlarga ibrat bo‘ladigan sahna asarlari yaratish borasida tilga olishga arzigulik ishlar qilingani yo‘q. Shundan kelib chiqib, muhim va dolzarb mavzularda asarlar yaratishga ijtimoiy buyurtma berish yuzasidan reja ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Taniqli yozuvchi va dramaturglar bilan “Milliy dramaturgiya: muammo va yechimlar” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Unda kinochilar, jurnalistlar, teatrshunoslar, adib va shoirlar, san’atshunos olimlar, teatr direktorlari, bosh rejissyorlar, adabiy emakdoshlar, dramaturglar bilan hozirda zamonamiz qahramonlari obrazi yaratish va dramaturgiyani tubdan isloh qilish masalalariga e’tibor qaratildi.

Yurtimizning bir qator teatrlarida Sharof Boshbekovning “Yer baribir aylanaveradi” asari, Qo‘chqor Norqobilning “Azizim, tabassum qil”, Erkin Xushvaqtovning “Jaholat” asarlari, Nurilla Abdullayevning “Qo‘qonning o‘n ikki darvozasi”, Jo‘rabek Ro‘zmetovning “Quduq” nomli dramalari, “Xalq bo‘l, elim” nomli teatrlashtirilgan kompozitsiya sahnalashtirildi. 2017 yil 14-15 oktyabr kunlari Xorazm viloyat musiqali drama teatrida “Eng yaxshi dramatik asarlar” tanlovi e’lon qilindi va unda zamonaviy mavzudagi asarlarni saralashga ham alohida e’tibor qaratildi. Tanlovga taqdim etilgan eng yaxshi zamonaviy mavzudagi asarlar saralab olinib, yurtimiz teatrlarida sahnalashtirilmoqda.

Ijodkor ziyolilarning o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasida O‘zbekiston kompozitorlar va bastakorlari uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “O‘zbekkino“ milliy agentligi, Yozuvchilar uyushmasi va Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda doimiy tarzda ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutildi.

Tizimdagi oliy ta’lim muassasalarida ham islohotlar olib borilmoqda. Prezidentimizning sohaga taalluqli qarori va uning 2-ilovasida ko‘rsatilgan “O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialini tashkil etish, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish, o‘quv va ilmiy-pedagogik ta’minlash chora-tadbirlari dasturi” asosida Qo‘qon shahrida institutning filiali tashkil etildi. Uning axborot-resurs markazi 700 dan ortiq ilmiy, badiiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlar hamda 12 mingdan ziyod elektron versiyadagi adabiyotlar bilan boyitildi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish yuzasidan Milliy bank bilan hamkorlikda 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib tasdiqlandi. Madaniyat vazirligi va Toshkent shahar hokimiyatining 2017 yil 21 avgustdagi qo‘shma qarori qabul qilinib, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik prospekti, 31-uyda joylashgan bino O‘zbekiston davlat konservatoriyasi balansiga o‘tkazildi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tubdan isloh qilishga oid izchil sa’y-harakatlar davom etmoqda.

Madaniyat va san’at xodimlari hamda davlat arxivlari boshqaruv xodimlari va mutaxassislarining mehnat haqi miqdorlari o‘rtacha 45 foizga oshirildi hamda lavozim maoshlari o‘rtasidagi tafovutni kuchaytirish hisobiga kasbiy o‘sishni rag‘batlantirishga e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori mamlakatimizda musiqa hamda raqs san’atini rivojlantirish, musiqa ijrochilari va raqs jamoalari ijodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishga mustahkam tayanch bo‘ladigan huquqiy asos bo‘ldi. Uning ijrosini ta’minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi kelishilmoqda.

Sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor samarasida Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Jamg‘arma xalqaro tajribani qo‘llash orqali madaniyat muassasalarining faoliyatini qayta tiklash, yangilash va isloh qilish, madaniy homiylik kabi muhim vazifalar bilan shug‘ullanadi. Qisqa vaqt ichida jamg‘arma madaniyat va san’at sohasida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, sohaga innovatsion usullarni joriy etishga oid ko‘plab loyihalarga mualliflik qildi. Prezidentimizning joriy yil may oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi davomida jamg‘arma Vashingtonning Smitson instituti bilan hamkorlik bitimi imzolanishiga erishdi. Institut insoniyat madaniy merosi muhofazasi bilan shug‘ullanib, imzolangan bitim hamkorlikda tadqiqot ishlari olib borish, ilmiy ishlar chop etish, ko‘rgazma faoliyati bilan bog‘liq masalalarni o‘z ichiga oladi. Qolaversa, Parijdagi jahonning yirik muzeyi Luvrdan O‘zbekistonga tashrif buyurgan delegatsiya bilan ilk bor o‘zbek milliy ko‘rgazmasini Luvrda o‘tkazishga kelishilganligi ham jamg‘armaning yutug‘idir.

Milliy maqom san’atini kelgusi avlodlarga yetkazish va uni xorijda ham keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tashkil etildi. 6-10 sentyabrda Shahrisabzda Xalqaro maqom san’ati anjumanini yuksak saviyada o‘tkazish belgilangan. Unda xorijiy davlatlardan taniqli musiqashunos olimlar, san’atkorlar, ijodiy jamoalar va mutaxassislar ishtirok etadi. Hozir ushbu yirik xalqaro anjumanga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, madaniyat va san’at muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishning samarali tizimini yaratish maqsadida kuni kecha Prezidentimizning “Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi.

Madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ishonchni hamisha his etmoqdamiz. Bu ishonch esa bizga cheksiz ilhom bag‘ishlaydi. Davlatimiz rahbarining “Inson qalbini, uning dardu tashvishlarini, xalqning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini betakror so‘z, ohang va ranglarda tarannum etishni o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan siz, muhtaram ijod ahlining mehnati naqadar mashaqqatli, mas’uliyatli va sharafli ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Men sizlarning ko‘pchiligingizni uzoq yillardan buyon yaqindan taniyman, asarlaringizni o‘qiganman, sizlar yaratgan kuy-qo‘shiqlarni, kartinalar, film va spektakllarni doimo katta qiziqish bilan tinglab, tomosha qilib kelaman. Bir so‘z bilan aytganda, adabiyot va san’atning chinakam muxlisi bo‘lish nasib etganidan baxtiyorman”.

Bir yil avval yangragan bu so‘zlar, bunday yuksak e’tirof soha xodimlariga bemisl kuch-g‘ayrat, shijoat baxsh etmoqda. Binobarin, inson har doim ezgu niyat bilan yashaydi. Yaxshilikni diliga tugib, jamiyatga, yurtga naf keltirishdek xayrli amallar, albatta, o‘z samarasini beradi.

Baxtiyor Sayfullayev,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.

O‘zA
2 993