Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 17:17 Chop etish versiyasi

Ilgari ochilmay qolgan 41 jinoyat fosh etildi

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Viloyat IIB tergov boshqarmasi va prokuratura xodimlari tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil avgust oyida hududda 488 jinoyat aniqlangan. Ilgari sodir etilib ochilmasdan qolgan jinoyatlardan 41 tasi fosh etilgan. Sud va tergovdan qochib yurgan 113 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingan.

– Profilaktik tadbirlar doirasida mahallalar, korxona-tashkilot va ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan ochiq muloqot va uchrashuvlar yuksak samaralar bermoqda, – deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i M.Rashidov. – Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hisobida turgan fuqarolar va ularning oila a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Buning samarasida viloyatda huquqbuzarliklarning keskin kamayishiga erishilmoqda. Oila va turmush munosabatlari doirasidagi yarashtirish komissiyalarida 772 oiladagi notinchlikka barham berilib, 346 oila ajrashib ketishining oldi olindi.

Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan transport vositasini mast holda boshqarish, tezlikni oshirish, odam tashish va telefondan foydalanish qoidasini buzish kabi 9 ming 600 dan ziyod yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlanib, ushbu holatlar yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzildi.

Brifingda mutaxassislar tomonidan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlar xususida ham ma’lumot berildi. 2016-2017 o‘quv yilida viloyatdagi 871 umumta’lim maktabi, 128 akdemik litsey va kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan davomat tadbirlari natijasida darsga qatnashmagan yoshlar, ularning ota-onalari bilan nazoratsizlik, huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik va o‘g‘il-qizlarni turli salbiy ta’sirlar domidan asrash bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi.

Joylarda o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mahalla faollari profilaktika inspektorlari bilan birgalikda yoshlar bilan ko‘proq muloqot o‘tkazish, nosog‘lom turmush kechirayotgan oilalarni o‘rganish, muammolarini yechish uchun amaliy ko‘mak berishga e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 691






Все о погоде - Pogoda.uz