O‘zA O`zbek

06.02.2018 15:04 Chop etish versiyasi

Ilg‘or va dolzarb ishlanmalar tanlovi

Ilg‘or va dolzarb ishlanmalar tanlovi
Sirdaryolik O‘g‘iloy Abdurahmonova uzum danagidan yog‘, po‘stlog‘idan pektin moddasini ajratish texnologiyasini yaratgan. Qoraqalpog‘istonlik Guliston Orazimbetova mahalliy xom ashyo materiallaridan sulfatbardosh sement olish bo‘yicha tadqiqot olib boradi. Toshkentlik Zohida Ahmadxo‘jayeva rahbarlik qilayotgan "Root extract" kompaniyasida qizilmiya o‘simligi ildizidan tayyorlangan mahsulotlarga xorijda kosmetologiya, farmatsevtika, tibbiyot kabi sohalarda ehtiyoj katta. Andijonlik Odinaxon Hasanova qor va yomg‘ir suvlaridan samarali foydalanish akkumulatsiya qurilmasini ixtiro qilgan.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda mazkur qo‘mita qoshidagi Ixtirochi ayollar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan "O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi" birinchi tanlovining yakuniy bosqichi ana shunday rang-barang g‘oyalarga, ilmiy izlanishlarga, ezgu tashabbuslarga boyligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. 

Mamlakatimizda xotin-qizlarga doimiy e’zoz va e’tibor ko‘rsatish, ularning og‘irini yengil qilish, doimiy qo‘llab-quvvatlash, kuchli ijtimoiy himoyalash masalasi davlatimiz siyosatida ustuvor o‘rin egallaydi. Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bu boradagi ezgu ishlarni zamon ruhi asosida yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda. 

3 (1).JPG

Ilk marta o‘tkazilayotgan "O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi" tanlovi o‘z atrofiga yurtimiz iqtisodiyot tarmoqlariga o‘z texnik loyihalari, ratsionalizatorlik takliflari, innovatsion ishlanmalarini joriy etish maqsadida izlanayotgan ko‘plab olimalar, doktorantlar, iqtidorli talaba, o‘quvchi qizlar, ixtirochilar, ratsionalizator, muhandis, konstruktor, dasturchi, shifokor, tadbirkor ayollarni to‘pladi. 

Tanlovda "Eng yaxshi ixtiro", "Eng yaxshi foydali model", "Eng yaxshi sanoat namunasi", "Eng yaxshi dastur va ma’lumotlar bazasi", "Eng yaxshi innovatsion loyiha", "Eng samarali innovatsion loyiha" kabi 11 nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan loyiha mualliflari bilan ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha maqsadli ish olib boriladi. Shuningdek, korxonalarda samarali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda ixtirochi ayollarning ilmiy salohiyatidan yanada kengroq foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi. Oliy o‘quv maskanlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish markazlari olimlari va sanoat korxonalarining yetakchi mutaxassislari ishtirokida "ustoz-shogird" tizimi asosidagi hamkorlik yanada kuchaytiriladi. Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan maxsus o‘quvlar, seminarlar, malaka oshirish kurslari, mahorat saboqlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. 

10.JPG

Arxitektor Gavhar Durdiyeva Xorazm Ma’mun akademiyasida katta ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi. Tadqiqotchi qo‘hna obidalar umrboqiyligining sirlarini, texnik tafsilotlarini o‘rganib kelmoqda. Opa ko‘p yildirki, "O‘zbekiston me’moriy obidalarining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha monitoring olib borish va ular bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish" innovatsion loyihasi ustida izlanadi. 

– Men taqdim etayotgan loyiha yurtimiz tarixiy me’moriy yodgorliklarida qo‘llanilgan an’anaviy usullarning fanga noma’lum tomonlarini aniqlash, ularning turli parametrlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish, bebaho merosimizni saqlash va ta’mirlash metodologiyasini takomillashtirishdan iborat, – deydi G.Durdiyeva. – Mazkur loyiha natijalarining ahamiyati arxitektura va qurilish tashkilotlari faoliyatida, qadimiy shaharlarni rekonstruksiya qilish bosh rejalarini ishlab chiqishda, arxitektura va shaharsozlik sohasi fanlarini o‘qitishda keng qo‘llaniladi. 

Tanlov uchun taqdim etilgan loyihalar Respublika ekspertlar kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Eng munosib deb topilgan ishlanma mualliflari joriy yilning 20 fevral kuni "Turkiston" saroyida taqdirlanadi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

Nazokat Usmonova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
13 596