O‘zA O`zbek

06.08.2018 23:01 Chop etish versiyasi

Ildizi asrlarga tutash do‘stlik

Ildizi asrlarga tutash do‘stlik O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Abdurahmon Jomiy ijod namunalari jamlangan “Muhabbat maxzani” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniyat markazi faollari, yosh ijodkorlar taklif etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy va boshqalar azal-azaldan tarixi, tili, e’tiqodi, an’ana va urf-odatlari mushtarak bo‘lgan o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi rivojlanish bosqichiga kirganini ta’kidladi. Jumladan, joriy yilning mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashda yangidan-yangi istiqbollarni ochmoqda.

Tadbirda ta’kidlanganidek, xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik ildizlari asrlarga tutash ekani bilan diqqatga sazovordir.Bu jihatlar Abdurahmon Jomiy hamda Hazrat Navoiy o‘rtasidagi o‘zaro mehr, samimiyat, qadrdonlikka yo‘g‘rilgan ustoz-shogirdlik munosabatlarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Manbalarda keltirilishicha, buyuk shoir bobokalonimizning Jomiyga hurmati shu darajada baland ediki, u “Xamsa”ning barcha dostonlarida, shu bilan birga, “Nasoim ul-muhabbat”, “Majolis un-nafois” va boshqa ko‘plab asarlarida ustozining ezgu fazilatlarini chin dildan ta’rifu tavsif etadi. O‘z navbatida Abdurahmon Jomiy ham Alisher Navoiy ijodini yuksak qadrlagani tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum.

Jomiy asarlarini xalqimiz hamisha sevib mutolaa qiladi. Navoiy, Bobur, Ubaydiy, Amiriy, Nodira, Uvaysiy, Munis, Ogahiy, Zavqiy singari shoirlarimiz uning g‘azallariga muxammaslar bog‘lab, asarlariga sharhlar yozgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida Abdurahmon Jomiyning bir qator asarlari qo‘lyozma nusxalarisaqlanmoqda.

– Alloma bobolarimiz qadrdonlar diydori barchasidan ulug‘ va afzalroq ekanini o‘z asarlarida aytib o‘tganlar, – deydi Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi raisi, Tojikiston xalq shoiri Nizom Qosim. – Ijod ahli uchun qad rostlagan bunday ajoyib bino mamlakatingiz rahbariyatining milliy adabiyotga, ma’naviyatga ko‘rsatayotgan cheksiz e’tiborining yaqqol namunasidir. Hazrat Jomiy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi samimiy va do‘stona munosabatlar barcha avlod vakillari uchun chin ma’noda ibrat namunasidir. Tashkilotimizdagi alohida sho‘bada30 ga yaqin o‘zbek tilida ijod qiluvchi adib va shoirlar mehnat qiladi. Shu bilan birga “Muhabbat armug‘oni” deb nomlangan katta adabiy to‘plamni nashrga hozirladik. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti antologiyasi bo‘lgan ushbu kitobda G‘afur G‘ulom, Shuhrat, Zulfiya va boshqa ko‘plab o‘zbek adib va shoirlarining ijod namunalari keltirilgan.O‘zbekiston Yozuchilar uyushmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishni maqsad etganmiz.

Mazkur nashr Prezidentimizning “Mumtoz she’riyatning porloq yulduzi” sarlavhali so‘zboshisi bilan boshlangani diqatga sazovor. Adabiyotshunoslarning fikricha, “Muhabbat maxzani” kitobida Abdurahmon Jomiyning benazir siymo, o‘lmas so‘z san’atkori, qomusiy alloma, shoir va mutafakkir sifatidagi qirralari yaqqol namoyon bo‘lgan. Kitobda uning g‘azallari, qit’a va ruboyilaridan namunalar, “Yusuf va Zulayho”, “Iskandar Xiradnomasi” dostonlari, “Silsilat uz-zahab” dostonidan boblar, “Bahoriston” asari, Alisher Navoiyga yozgan maktublaridan namunalar keltirilgan.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Nazokat Usmonova, A’lo Abdullayev (surat) O‘zA
3 127