O‘zA O`zbek

15.03.2019 12:05 Chop etish versiyasi

Ikki yarim mingdan ko‘proq buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichidagi bemor tibbiy yordamga muhtoj

Ikki yarim mingdan ko‘proq buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichidagi bemor tibbiy yordamga muhtoj

Poytaxtimizda o‘tkazilgan nefrologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda xalqaro va mahalliy soha mutaxassislarining fikr-mulohazalari bildirildi, o‘zaro tajribalar almashildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatimizda hozirda 2 ming 600ga yaqin buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichidagi bemorlar bor. Avvallari ularni davolashda zamonaviy usullardan foydalanilmayotgan edi. Prezidentimizning 2018 yil 12 iyuldagi ”O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish, tarmoqda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqish imkonini yaratdi. 

– Ushbu qaror asosida o‘tgan yil Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilgan edi, – deydi ushbu markaz direktori Botir Daminov. – Markaz tomonidan yuqori malakali va sifatli, xalqaro talablarga mos keladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilib, ixtisoslik bo‘yicha kasalliklarni profilaktika qilinadi. Shuningdek, mutaxassislarimi tashxis qo‘yish va ularni davolash, jumladan, aholiga yuqori malakali nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish, shuningdek, buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yanada takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur dargoh nafaqat joylardagi muassasalarni uslubiy jihatdan zarur materiallar bilan ta’minlaydi, balki sohada ilm-fanni rivojlantirishga, davolashning yuqori texnologik usullari va zamonaviy standartlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etishmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA
411