Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.08.2018 19:04 Chop etish versiyasi

Ikki xalq adabiy doʻstligi timsoli

Ikki xalq adabiy doʻstligi timsoli Poytaxtimizda atoqli belarus adibi va jamoat arbobi Yakub Kolas xotirasini yod etish va uning byustiga gul qoʻyish marosimi oʻtkazildi.

Tadbirda taniqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat, sanʻat namoyandalari, adabiyot sohasi vakillari, yoshlar, Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi xodimlari, Toshkent shahridagi “Svitanak” belarus madaniyat markazi aʻzolari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasining tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Yakub Kolasning xotirasi yod etilib, yuksak hurmat koʻrsatildi. Adib ijodiy faoliyati misolida oʻzbek va belarus adabiy aloqalarining kelgusi istiqboliga eʻtibor qaratildi.

Tadbirda taʻkidlanganidek, oʻzbek va belarus xalqlari oʻrtasidagi davrlar sinovidan oʻtgan doʻstlik va birodarlik aloqalari bugungi kunda yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Doʻstlik, hamkorlik rishtalarining mustahkamlanishida adabiyotning oʻrnini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi.

Nazm, nasr, dramaturgiya, adabiyotshunoslik, badiiy publitsistika janrlarida birday barakali ijod qilgan Yakub Kolas ham belarus adabiyotining yorqin vakillaridan biri hisoblanadi.

Yakub Kolas hayotida Oʻzbekiston alohida oʻrin tutadi. Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan 1941-1943 yillarda u oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan Belarus Fanlar akademiyasi tarkibida Toshkentga koʻchib kelib, ikki yildan ziyodroq vaqt oilasi bilan shu yerda yashagan. Bu davrda Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda singari oʻzbek adabiyoti vakillari bilan mustahkam ijodiy hamkorlik oʻrnatadi.

Toshkentda yashagan vaqtida adib “Oʻz yaqinlarimga”, “Rim – Berlin yoyida”, “Ona yer himoyachilariga”, “Kurashuvchi xalqqa”, “Yer ovozi” kabi oʻnlab sheʻrlar, “Dushman bilan uchrashuv”, “Doya Tanya”, “Razvedkada” qissalarini yozadi.

Bugungi kunda ham Oʻzbekistonda Yakub Kolas ijodiga qiziqish yuqori. Mamlakatimizdagi adabiy nashrlarda uning asarlari muntazam chop etib kelinmoqda. Yakub Kolasning byusti poytaxtimiz markazidagi Shahrisabz va Shevchenko koʻchalari chorrahasidagi soʻlim xiyobonda oʻrnatilgani ham uning ijodi, shaxsiyatiga boʻlgan ulkan hurmat va ehtiromning yaqqol namunasidir.

Inobat Ahatova, T.Mamadaminov (surat), OʻzA
1 959