O‘zA O`zbek

10.09.2018 20:31 Chop etish versiyasi

Ikki qadam orqaga yoʻl yoʻq!

Ikki qadam orqaga yoʻl yoʻq! Yigit nomi bulgʻansa. Qotillik, oʻgʻrilik qilsa, Vatanini sotsa... Ota-onasi, yaqinlari uning bulgʻangan nomusidan uyalish oʻrniga “bilmay qolibdi,” deya farzandini oqlab tursa, demak, jinoyatning ildizi – oilada.

Yetti urugʻini isnodga qoʻygan jinoyatchi (agar qotil boʻlsa) hatto oʻz oilasining ishonchidan qolgan bu murtadni kim toʻyga, azaga chaqiradi!? Toʻyni qoʻying, qachonlardir beozor boʻlgan bolasi bilan endi oʻz onasi bir tom ostida xotirjam uxlay olarmikin? Bu qaysi oʻlimdan kam!?

Bolasi jinoyat qilganda juda kamdan-kam onalar bundan ozor chekmaydilar. Zero, jondan aziz jigarbandi jinoyat qilsa, vijdoni uygʻoq, iymoni salomat ona jabrlanuvchidan ortiqroq jabr koʻradi. Farzandiga tosh otsangiz, onasiga tegadi. Ammo hali oʻzi ulgʻayib ulgurmay, qachon oʻgʻri, qotil boʻlishga ulgura qoldi bu notavonlar...

...Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi, hali ona suti ogʻzidan ketmagan, 2002 yilda tugʻilgan Artur (ismlar oʻzgartirilgan) mudhish jinoyatga qoʻl urdi. Oʻz qoʻshnisi 1934 yilda tugʻilgan Melis ismli moʻysafidning uyiga oʻgʻrilikka tushib, uy egasini oʻldirdi. Uydan “LG” rusumli 43 diogonalli televizorni olib, eshikni tashqarisidan qulfladi. Soʻngra “oʻlja”ni “Malika” savdo majmuasiga olib borib, 300 AQSH dollariga pulladi... Xamirdan qil sugʻurgandek. Ammo... Shahar tinchib, hamma uyquga ketganida negadir yuragi gʻashlana boshladi.

...Melis bobo choʻntagiga goh qurut, goh shirinlik solib yurar, yoʻlidan chiqqan har qanday kichkina bolani ular bilan siylashga tushib ketardi. Oʻsha mehribon koʻzlardagi hayotni endi u nafsining gapiga kirib, soʻndirdi. Artur bir-ikki kun shu kabi oʻylar bilan oʻzini qoʻyarga joy topolmay yurdi. Keyin internet kafega borib, vahshiylikka undovchi oʻyinlarga kirishib ketgan edi, koʻnglidagi gʻashlikdan asar ham qolmadi.

Darvoqe, internet... Undagi maʼlumotlar qamrovi... Sir emas, internetdagi maʼlumotlar turli yoshdagi va turli qarashlarga ega insonlarning qiziqishini har tomonlama qanoatlantiradigan darajada zaxiraga boy. Ammo “oltin baliq”dan kim, nimani soʻraydi? Artur kabi qarovsiz bolalar uchun internet – noqonuniy ishlardan saboq beruvchi tekin “master klass”.

Oradan deyarli yarim oy vaqt oʻtdi. Arturning ruhiyatida oʻzgarish boʻlmagan, deysizmi? Boʻlgan, ammo buni sezadigan otaning oʻzi yoʻq. Ona, deb atalmish “ulugʻ” zot surunkali mast-alast yuradi. Toʻrt farzandning na issigʻidan va na sovugʻidan boxabar. Ammo jamiyat biror fuqaroga ochligi va oilasidagi yetishmovchiligi uchun oʻgʻrilik, qotillik qilishi uchun imkoniyat bermagan.

Koreys xalqida “Dangasadan bolasiga meros boʻlib kambagʻallik qoladi”, degan maqol bor. Aysh-ishratga berilgan, bu mayxoʻr onadan, betayin otadan hali oʻn gulidan biri ochilmagan Arturga mahbuslik, haqorat va nafrat meros boʻlib turibdi. Endigina 10-sinfni bitirgan oʻsmir mustaqil hayotga ilk qadamni oʻgʻrilik va qotillikdan boshlasa... Gapning poʻskallasini aytganda, endi nafaqat Melis bobo, balki Arturning ham hayotining atigi 300 dollarchalik qadri qolmadi. Axir shu arzimas pulni deb u oʻz kelajagiga bolta urdi, insonlik shaʼnini bulgʻadi. U oʻgʻrigina emas, qotilga aylandi, arzimas daqiqalar ichida... Endi uni bu gunohi uchun xudo kechirganida ham unga kim turmushga chiqadi-yu, kim laʼnat tamgʻasi bosilgan bu oʻsmirdan farzand koʻrishni istaydi?

Oʻzbekiston hech qachon - eng qahatchilik, hatto urush yillarida ham qorning ikki marta toʻyib, bir yayrashing uchun odam oʻldiradigan yurt boʻlgan emas. Shu bois, bu yurtning odamlari birovdan yoki oʻlimdan qoʻrqqanidan emas, mehr va oqibat hissi sabab ogʻzidagi soʻnggi luqmagacha birovga ilingan boʻlsa, ehtimol.

Ayniqsa, hozir, halol mehnat orqasidan boy boʻlishni istagan har qanday fuqaroga ham amaliy, ham nazariy koʻmak berilmayaptimi? Albatta, berilyapti. Muhimi, istak va gʻayrat boʻlsa, bas!

Arturning feʼlida noqonuniy xatti-harakatlarga moyillik toʻsatdan paydo boʻlgani yoʻq. Erkak oʻz burchini ado etsa (yaʼni, ota ajrashgan boʻlsa-da, goh-goh oʻgʻli bilan uchrashib, uning orzu-havasi bilan qiziqsa, xato va nuqsonlarini tuzatishga urinsa edi), ayol onalik vazifasiga eʼtiborli boʻlib, halollik toʻgʻrisida kunda gapirmagan taqdirda ham oddiy odamlar kabi mehnati orqasidan kun koʻrib yurganida, halollik haqida bola ham biroz tasavvurga ega boʻlarmidi?.. Axir, u kimsasiz oʻrmonda, egasiz mamlakatda yashayotgani yoʻq-ku?!

Binobarin, hamma aybni maktabga, oʻqituvchilarga, mahallaga toʻnkash ham yaramaydi. Ammo, uning hozirgi xolatida kimdan ham najot kutish mumkin!? Maktab oʻquvchilari orasida beboshlik, oʻgʻrilik, talonchilik, zoʻravonlik, hatto odam oʻldirish kabi jinoyatlar qanday qilib urchimoqda?

Halollik, halol luqma. Bolaligimizda bu soʻzlarni qulogʻimizga koʻp quyishgan. “Odamzodning boshiga har xil savdo tushadi, u bir umr faqat baxt va salomatlik ogʻushida yashamaydi. Koʻngilsizliklar payti sizga ilk yordamga keladigan kuch bu - halol mehnat ortidan topilgan luqma boʻladi. Xalol luqma yegan insonni yonida farishta qoʻriqlab yuradi. Duosi ijobat boʻladi,” deb oʻrgatishgan buvilarimiz. Biz shularga ishonib katta boʻldik. Insonda eʼtiqod degan tushuncha faqat dinga nisbatan aytilmaydi. Eʼtiqodsiz, maʼnaviyatsiz, axloqsiz, loqayd, poraxoʻr, oʻgʻri odamlar mamlakatni ichkaridan yemiruvchi niqobli dushmandir. “Oʻzingdan chiqqan balo”, deb shuni aytsalar kerak.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda adolatli jamiyat barpo etish maqsadida turli jinoyatlar, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan keng koʻlamli dasturlar hayotimizga joriy etilyapti va bu oʻz samarasini bermoqda. Ammo, biz yutuqlarimiz bilan maqtanib, kamchiliklarni yashirsak, bu - bir qadam olgʻa yurib, ikki qadam orqaga tashlash bilan barobar.

Axir, yoshlar bizning kelajagimiz! Ertamizning qanday boʻlishi ularning bugun olayotgan taʼlim va tarbiyasiga bogʻliq. Bizning bolalarimizni qayoqdagi virtual odamlar oʻzining mavhum olamida oʻtirib olib tarbiyalashiga aslo izn bermaylik. Jigarbandlarimiz uchun jilla qursa 15 daqiqa vaqtimizni ajrataylik!

Ota-onalar xatosining jabrini farzandlar tortmasin. Yoshlarimiz oʻz ajdodlariga munosib boʻlib kamolga yetmogʻi lozim.

Mumtoz.

2 447