O‘zA O`zbek

12.07.2019 Chop etish versiyasi

Ikki mingdan ortiq subyektning soliq rejimi oʻzgaradi

Ikki mingdan ortiq subyektning soliq rejimi oʻzgaradi

Termizda Prezidentimizning 2019-yil 27-iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan oʻquv-seminarda shu haqda soʻz bordi.

Tadbirkorlik subyektlari, import faoliyati bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari, hisobchilar ishtirok etgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari B.Turapov va mutaxassislar farmonda belgilangan yangi tartiblarni qoʻllash, soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish amaliyoti haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Seminarda taʼkidlanishicha, soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda muhim omil boʻlmoqda. Buning uchun amalda yangi tartib-tamoyillar joriy etilayotir. Xususan, mazkur farmon bilan 2019-yil 1-avgustdan boshlab yagona yer soligʻi toʻlovchisi hisoblangan qishloq xoʻjaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchilar ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtishlari belgilandi. Kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million soʻmdan oshgan, lekin 1 milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtish joriy etilmoqda.

Paxta xom ashyosi ishlab chiqaruvchilar ham 2019-yil hosilidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtadi. Bu jarayonda ularga 2018-yilning 1-oktyabridan ilgari boʻlmagan vaqtda haqiqatda olingan hamda paxta xom ashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish huquqi taqdim etiladi. Shuningdek, asbest, koʻmir, yogʻoch materiallari, uglevodorod xomashyosi, soya danagi, kungaboqar va kunjut urugʻlari, moyli xomashyo va shakar xomashyosi, qishloq xoʻjaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar, yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablagʻlaridan foiz koʻrinishida olingan toʻlov manbaini foyda soligʻidan ozod qilish boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Mutaxassislarning fikricha, farmonda bu kabi imtiyozlarning bekor qilinishi qoʻshilgan qiymat soligʻining toʻlaqonli zanjirini yaratadi. Barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitni taʼminlab, halol raqobat muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

– Hisob-kitoblarga koʻra, viloyatda 2019-yil 1-oktyabrdan 2 ming 182 xoʻjalik yurituvchi subyektning soliq rejimi oʻzgaradi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi rahbari I.Rahmatov. – Ularning 1 ming 804 tasi fermer xoʻjaligi, 226 tasi importyor, 152 tasi avtomobillarga yoqilgʻi qoʻyish shoxobchasidir. Ushbu subyektlarga yangi soliq tartiblarini qoʻllashda amaliy yordam koʻrsatish uchun tegishli tartibda soliq va moliya xodimlari biriktirilmoqda.

Seminarda viloyat hokimi T.Bobolov soʻzga chiqdi.

3 015
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV olgan suratlar, OʻzA