Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2017 14:40 Chop etish versiyasi

Ijtimoiy xizmatning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jamiyatimizda amalga oshirilgan demokratik islohotlar jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, imkoniyati cheklangan shaxslar, yolg‘iz keksalarni tibbiy-ijtimoiy himoyalashga qaratilgan doimiy e’tibor jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda bu sohadagi ishlarni tashkil etishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar hamda huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi va hayotga joriy etilmoqda.

Mazkur qonun hujjatlarida belgilangan vazifalar izchillik bilan ijro etilayotgani, har yili davlat byudjetining salmoqli qismi ijtimoiy sohaga sarflanayotgani bu boradagi ishlarni tizimli asosda tashkil etish, inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning ertangi kunga ishonchi va intilishini yanada kuchaytirishda katta rol o‘ynamoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 26-dekabrdagi «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi O‘rol Hayitov bilan suhbatimiz mazkur qonunning mazmun-mohiyati, jamiyatimizda inson manfaatlarini muhofazalash borasida olib borilayotgan islohotlarni yanada rivojlantirishdagi ahamiyatiga bag‘ishlandi.

– Keksalar, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning holidan xabar olish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish xalqimizning azaliy qadriyatidir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va dunyoda “o‘zbek modeli” deya e’tirof etilgan taraqqiyot strategiyasining muhim tamoyillaridan biri – kuchli ijtimoiy siyosat yuritish ekanligi bu borada muhim omil bo‘ldi. Mamlakatimizda xalqimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy tizim yaratildi. Bu nogironlarni, yolg‘iz keksalarni va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamini tibbiy-ijtimoiy himoyalash, jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashda o‘z samaralarini berayotir.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirga qadar aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va yuqorida qayd etilgan bir qator qonunlar asosida amalga oshirilardi. Globallashuv jarayonining tobora chuqurlashuvi, huquqiy munosabatlarning takomillashayotgani bu yo‘nalishda alohida qonun ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirdi.

Qonunni tayyorlash jarayonida taraqqiy etgan ilg‘or mamlakatlarning bu yo‘nalishdagi qonunchilik tajribasi o‘rganildi. Xalqimizning milliy qadriyatlari va istiqlol yillarida bu sohadagi ishlarni tashkil etishda orttirilgan ilg‘or tajribalar tahlil etildi. Qonun loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.

Olti bob, o‘ttiz moddadan iborat qonunda ijtimoiy xizmat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan. Bu jarayonda shaxsning munosib hayot kechirishini ta’minlashga asosiy e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu vazifani to‘laqonli amalga oshirish uchun ijtimoiy xizmatlarga muhtojlarni o‘z vaqtida aniqlash, hisobga olish, ularga xizmat ko‘rsatish bilan cheklanish kifoya qilmaydi. Ijtimoiy xizmatlardan foydalanuvchilarning oila va jamiyat bilan aloqalarini saqlash, ularning qulay muhitda bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ham muhim vazifadir. Davlat organlarining bu sohadagi faoliyati ochiqligini, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha standartlarga rioya etilishini ta’minlash, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish ham belgilab qo‘yilgan.

Shu o‘rinda ijtimoiy xizmatlar qanday yo‘nalishlarni qamrab olishiga aniqlik kiritish lozim. Qonunning beshinchi moddasida bu tushunchaga batafsil izoh berilgan. Ijtimoiy xizmatlar shaxsning turmushi sifatini oshirishga, unga jamiyat hayotida ishtirok etishning boshqa fuqarolar bilan teng bo‘lgan imkoniyatlarini yaratishga va (yoki) o‘zining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xizmatlarga muhtoj shaxsga yordam ko‘rsatish bo‘yicha huquqiy, iqtisodiy, psixologik, ta’limga oid, tibbiy, reabilitatsiya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar majmuidir.

Qonunda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlarining aholi ana shunday ehtiyojmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar sohasidagi vakolatlari o‘z ifodasini topgan.

– Yangi qonunga muvofiq, kimlar ijtimoiy xizmat olishi mumkin va ularga qanday shaklda xizmat ko‘rsatiladi?

– O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar, I va II guruh nogironlari, nogiron bolalar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar, ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari hisoblanadi. Ular ijtimoiy kuzatuv va maslahat berish xizmatlari, uyda parvarishlash bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar, kunduzi va (yoki) qisqa muddat bo‘lish muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar, internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi mumkin.

Ijtimoiy kuzatuv va maslahat berish xizmatlari quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi: ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish, tegishli organlar va tashkilotlarga yuborish, ishga joylashishda ko‘maklashish, homiylik va vasiylikni belgilash, farzandlikka olish, yetim bolalarni va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilada tarbiyalash (patronat), bolalar internati muassasalariga qabul qilishda ko‘maklashish bu boradagi faoliyatning muhim yo‘nalishidir. Bolalar internati muassasalari tarbiyalanuvchisini oilaga qabul qilishga ota-onalarni yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni tayyorlash, uy-joy, maishiy jihatdan joylashish va moddiy yordam olish, protez-ortopediya buyumlarini va reabilitatsiya texnik vositalarini olishda ko‘maklashish kabi vazifalarni qamrab oladi.

Maishiy xizmat ko‘rsatish, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini, gigiyena tovarlarini, dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini xarid qilish va uyga yetkazib berish, ovqat tayyorlash, xonalarni yig‘ishtirish-tozalash, shaxsiy gigiyena tadbirlarini amalga oshirish, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishida ko‘maklashish, tibbiyot ko‘rsatmalariga ko‘ra protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash uyda parvarishlash bo‘yicha ijtimoiy xizmatlarning asosiy turlaridir.

Qonunda kunduzi va (yoki) qisqa muddatda bo‘lish muassasalaridagi hamda internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlarning turlari va yo‘nalishlari ham aniq ifoda etilgan.

Oramizda ijtimoiy xizmatga muhtoj insonlar uchrab tursa-da, hamma ham bu borada tegishli tashkilotlarga murojaat qilavermaydi. Shu jihatlar e’tiborga olinib, qonunchiligimizda bunday ehtiyojmand insonlarni aniqlash va ularga zamonaviy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha aniq mexanizmlar yaratilgan.

Ijtimoiy xizmatga muhtoj shaxsning turmush sharoiti baholanadi. Unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yakka tartibdagi dastur ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi, dasturning ijrosi bo‘yicha monitoring yuritiladi. Monitoring natijalari yakka tartibdagi dasturni qayta ko‘rib chiqish yoki tugatishga asos bo‘ladi. Ijtimoiy xizmat oluvchining oilaviy holati o‘zgarishi natijasida uning turmush sharoiti yaxshilanishi yoki bunday xizmat olishni rad etganligi, boshqa joyga ko‘chib ketgani, doimiy yashash joyida uzoq muddat bo‘lmasligi yoki taqdim etilgan ma’lumotlar qalbaki bo‘lib chiqishi va boshqa holatlar ijtimoiy xizmatlar yakka tartibdagi dasturi tugatilishiga asos bo‘ladi.

Inson taqdiriga e’tiborsiz bo‘lmaslik, shaxsning huquqlarini ta’minlash, barcha uchun teng sharoitlar yaratish ustuvor yo‘nalish etib belgilangan mazkur qonunda sohadagi ishlarni tizimli asosda tashkil etish bilan bir qatorda bu jarayonda davlat va jamoat nazoratini yuritish yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgani qonunning hayotiyligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bu borada davlat nazorati davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bajarilsa, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Qonunda davlat organlari va tashkilotlari jamoatchilik nazoratini o‘tkazishga ko‘maklashishi hamda jamoatchilik nazorati natijalari tegishli davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi shartligi belgilab qo‘yilgani bu sohadagi ishlarning ochiq-oshkoraligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtojlar bunday xizmatlardan o‘z vaqtida foydalanishi uchun teng sharoit yaratish, jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirishga zamin bo‘ladi.

Bahor Xidirova, O‘zA
3 485






Все о погоде - Pogoda.uz