O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonoti

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonoti

Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan xususiy tadbirkor Sh.Yusupovning Prezidentga yoʻllagan videomurojaati yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan internet ijtimoiy tarmoqlarida fuqaro Sh.Yusupov va uning tarafdorlari tomonidan eʼlon qilingan videomurojaatlar oʻrganildi.

Unga koʻra, Sh.Yusupov onlayn-auksion orqali 326,0 mln. soʻmga mulk sotib olganligi, lekin huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu mulkni undan olib qoʻyish maqsadida asossiz ravishda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatib, uni qamoqqa olmoqchi ekanligi, Bosh prokuratura boshqarma boshligʻi vaʼda bergan boʻlsada, jinoyat ishi boʻyicha tergov Andijon viloyati prokuraturasidan Namangan viloyat prokuraturasiga oʻtkazilmaganligini bildirgan.

Aniqlanishicha, Sh.Yusupov rahbarligidagi “Yu.” MCHJ auksionda ishtirok etib, Oltinkoʻl tumanidagi ferma bino-inshootlarini 326,0 mln. soʻmga sotib olgan.

Mazkur ferma bino-inshootlari Sh.Yusupovga tilxat asosida topshirilib, auksionga qoʻyilmagan bino-inshootlar, mol-mulklar va chorva mollari tegishli tartibda olib chiqib ketilishi tushuntirilgan.

Sh.Yusupovning murojaatiga asosan Majburiy ijro byurosi (MIB) Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, MIB xodimlari tomonidan hujjatlarga auksionda sotilgan mulk haqida notoʻgʻri maʼlumotlar kiritilganligi holati yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov harakatlari davomida ferma bino-inshootlari Sh.Yusupov tomonidan sotib olingan boʻlsada, MIB xodimlari tomonidan ogohlantirilgan boʻlishiga qaramasdan, auksion savdolariga qoʻyilmagan va gʻoliblik bayonnomasiga kiritilmagan 300,0 mln. soʻmlik qurilish mahsulotlarini sotib yuborib, juda koʻp miqdordagi mulklarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilgan.

Shunga koʻra, joriy yilning 22-oktyabr kuni Sh.Yusupov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Bundan tashqari, gumonlanuvchi Sh.Yusupov muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun 15.01.2014-yilda JIB Namangan viloyati sudining hukmiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi, 210-moddasi 3-qismi “b” bandi va boshqa moddalari bilan aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Qayd etilgan jinoyat ishining tergovi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan boʻlib, tergovni hududiyligiga koʻra Namangan viloyati prokuraturasiga oʻtkazilishiga zaruriyat aniqlanmagan.

1 400
OʻzA