O‘zA O`zbek

22.02.2019 16:01 Chop etish versiyasi

Ijtimoiy himoyaning amaldagi ifodasi

Ijtimoiy himoyaning amaldagi ifodasi

Fargʻona viloyatining Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida 120 dan ziyod nogironligi boʻlgan shaxs hamda ehtiyojmand oilalar muqim turar joy bilan taʼminlandi.

Qoʻqon shahrining Movarounnahr koʻchasida joylashgan kasb-hunar kollejining sobiq yotoqxonasi kapital rekonstruksiya qilinib, 70 dan ziyod xonadon uchun shinam uy-joyga aylantirildi. Zamonaviy xonadonlar nogironligi bor shaxslar, ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlar, Mehribonlik uyi bitiruvchilari, bir soʻz bilan aytganda, aholining ijtimoiy zaif qatlamiga doimiy foydalanish huquqi asosida bepul ajratib berildi.

Yangi xonadon kalitini qoʻliga olgan ona-bola – Mahbubaxon va Rustamjon Oxunovlar uchun bu unutilmas voqea boʻldi. Onaizor qizi va nogiron oʻgʻlini yolgʻiz oʻzi ulgʻaytirdi. Hayot soʻqmoqlari oʻnqir-choʻnqir ekan, turmushga chiqqan qizi ham ikki farzandi bilan ona uyiga qaytib kelgach, ular bir xonali uyda siqilib qolishdi. I guruh nogironi Rustamjon Oxunovga ikki xonali shinam xonadon ajratilishi bilan bu oila hayotida tom maʼnoda yangi kun boshlandi.

– Oʻgʻlim Rustamjon 31 yoshda, haligacha uylantirolmayotgan edim, – deydi ­Mahbubaxon Oxunova. ­– Yillar davomida ezib kelgan tashvishim aridi. Bolam oʻz vataniga ega boʻlganidan behad xursandmiz. Prezidentimizga bir ona sifatida chin dildan rahmat aytaman.

Qoʻqonlik 10 yoshli Behroʻzbek Munavvarxon Yusupovaning qizidan yolgʻiz yodgor. Bolakay koʻrish qobiliyatini qisman yoʻqotgan. Boz ustiga, buvi va nabira koʻp yillar ijarama-ijara sarson yurgan. ­Opaning necha yillik muammosiga Prezident Xalq qabulxonasida yechim topildi. Endi Behroʻzbek va buvisiga ikki xonali zamonaviy xonadon ajratildi.

Qoʻqon shahridagi ushbu yangi uy-joy hovlisida 20 ta ish oʻrniga ega tikuv sexi ham tashkil etildi. Sexda shu uyda yashovchi mehnatga layoqati cheklangan xotin-qizlarga avval tikuvchilik sirlari oʻrgatiladi, shu asosda ular doimiy ish va barqaror daromad manbai bilan taʼminlanadi.

Margʻilon shahar Qashqar mahallasidagi zamonaviy uy ham ilgari kasb-hunar kollejining eski yotoqxonasi edi. Bino kapital rekonstruksiya qilingach, 50 dan ziyod imkoniyati cheklangan, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oilalar muqim boshpanaga ega boʻldi.

Yodgor Mirzajonov dunyoga kelib, ona allasini eshitmadi. Uning ismi ham achchiq taqdiridan nishona. Buvisi Maryamxon Mirzajonova uni oq yuvib, oq taradi. Bugun Yodgor 23 yoshni qarshi olgan boʻlsa, Maryamxon momo 70 dan oshdi. Bobosining singlisiga tegishli 1,5 sotixli hovlini esa Yodgordan tashqari yana 4 ta xoʻjalik – 15 jon boshpana tutgan edi. Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi Yodgorning kemtik koʻngliga malham boʻldi. Barcha shart-sharoit muhayyo qilingan ikki xonali xonadon endi uning oʻz uyi – oʻlan toʻshagi. Davlatimizning bunday yuksak eʼtibori va gʻamxoʻrligi nafaqat uning, balki qavmu qarindoshlarining koʻngliga ham shodumonlik olib kirdi.

Margʻilonlik 36 yoshli Gulnora Bannopova 4 yoshida baxtsiz hodisa bois bir oyogʻidan ajralgan, protez bilan harakatlanadi. Bu ayol turmushga chiqib ham roʻshnolik koʻrmadi: 2 oʻgʻil, bir qizi bilan ijarama-ijara yurishga majbur boʻldi.

– Ikki xonali zamonaviy xonadonning kaliti bugun qoʻlimda, – deydi Gulnora Bannopova. ­– Ijarama-ijara sarson boʻlish, tor va zax xonalarda tiqilib kun kechirish ortda qolgani uchun shukronalar aytaman. Men uchun hayot endi boshlandi.

35 yoshli Muhabbat Rahmonova ham 8 yoshida taqdirning ogʻir sinoviga uchragan – I guruh nogironi. Uch sotixli hovlida 4 oila – jami 14 insonning tiqilib kun koʻrishi uning yuragini ikki karra ezardi. Prezident eʼtibori bu qizning koʻnglini ham togʻdek koʻtardi. Margʻilon shahridan zamonaviy uy-joy ajratilgach, uning yuz-koʻzidagi tushkunlik kayfiyati chekindi, qalbiga yorugʻlik indi, hayotiga mazmun.

Bu boradagi ezgu saʼy-harakatlar izchil davom ettirilmoqda.

Tadbirlarda Fargʻona viloyati hokimi Sh.Gʻaniyev soʻzga chiqdi.

Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA
501