O‘zA O`zbek

18.03.2018 14:02 Chop etish versiyasi

Ijtimoiy himoyaga muhtojlarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishda taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar bekor qilinadi

Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasidagi faoliyatga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Bu haqda Adliya vazirligining @huquqiyaxborot kanali xabar beradi.

Qarorga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlarini tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasidagi faoliyatga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilinadi.

Xususan shu maqsadda, Axborot texnologiyalari vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlarini hisobga olishning idoralararo axborot tizimi yaratiladi.

Mazkur tizimning maqsadi:

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlar faoliyatini samarali nazorat qilish orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining sifatini oshirish;

tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilayotgan va ijtimoiy yordam olayotgan keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining Avtomatlashtirilgan yagona elektron reyestrini shakllantirish;

tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish uchun ajratiladigan moliyaviy va boshqa resurslarni maqsadli taqsimlash, xarajatlarni samarali rejalashtirish;

taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar va axborot sonini qisqartirish yoki aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishda bunday hujjatlar va axborot taqdim etish amaliyotini to‘liq bekor qilish orqali optimallashtirish;

davlat xizmatlarini olish uchun tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatuvchi organlar va tashkilotlarga elektron shaklda murojaat qilish imkoniyatini ta’minlash hisoblanadi.

Tizim 2018-il 1-iyunga qadar ishga tushiriladi.

O‘zA
5 820