Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

29.08.2018 18:58 Chop etish versiyasi

Ijodkorlarga guvohnomalar topshirildi

Ijodkorlarga guvohnomalar topshirildi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida taniqli shoir va yozuvchilar, yosh ijodkorlar ishtirokida adabiy tadbir tashkil etildi.

Mamlakatimizda barcha sohalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, avvalo, mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchligimizni asrash, xalqimizning farovonligini taʼminlash, yoshlarimizning maʼnaviyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Bu jihatlar har bir kun, har bir lahzada oʻz ifodasini topmoqda. Ayniqsa, soʻnggi yillarda adabiyot, sanʼat va madaniyat rivojiga eʼtibor qaratilayotgani, Prezidentimizning yurtimizdagi yetakchi ijodiy tashkilotlarning “Doʻstlar klublari”ni tashkil etish, ularga yirik korxona, bank va kompaniyalarni homiy sifatida biriktirish, shartnoma asosida ularning doimiy hamkorligini yoʻlga qoʻyish tashabbusi bugun oʻz samarasini berayotir.

Prezidentimizning joriy yil 5 apreldagi “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori milliy adabiyotimiz rivojini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha ulkan islohotlarni boshlab berdi. Tadbirda mamlakatimizda ijod ahli uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan oqilona foydalanish, isteʼdod va salohiyatini Vatan ravnaqi yoʻlida safarbar etish har bir ijodkorning burchi ekani alohida taʼkidlandi.

Ana shu burchini sidqidildan ado etib kelayotgan bir guruh faxriy ijodkorlar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ragʻbatlantirildi. Shu kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi aʼzolariga aʼzolik guvohnomasi topshirildi.

Ular orasida yosh yozuvchi Bayram Aytmurodov ham bor.

– Bugun men uchun quvonchli kun, – deydi B.Aytmurodov. – Eng ulugʻ, eng aziz ayyomi arafisida Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinganim meni yanada ruhlantirdi. Oʻylaymanki, bu har bir yosh ijodkorning orzusi. Prezidentimiz tomonidan ijod ahliga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, yaratilayotgan shart-sharoitlar bizni yangi marralarga yetaklaydi. Ilhomlanib, joʻshib ijod qilishga undaydi.

Mohigul Qosimova, Temur Mamadaminov (surat) OʻzA
1 601