O‘zA O`zbek

14.08.2018 20:50 Chop etish versiyasi

Ijodkorlar munosib rag‘batlantirildi

Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.

Ijodiy tanlovda “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mazmun-mohiyatini, zamonamiz qahramonlari qiyofasini hayotiy misollar asosida ochib beruvchi turli yo‘nalishlar bo‘yicha 60 muallifning 400 dan ziyod ijodiy ishi ko‘rib chiqildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari O.Abdug‘aniyev, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov va boshqalar mamlakatimizda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush va mehnat sharoiti yaratish, iste’dodlarni munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Jurnalistika, adabiyot va san’at yo‘nalishlarida taqdim etilgan ijodiy ishlar saviyasi, maqsad va o‘ziga xos yondashuvlari bilan o‘tgan yilgidan farqlanishi, materiallarda tanqid va tahlilga e’tibor ortgani qayd etildi.

Har bir nominatsiya bo‘yicha g‘olib, deb topilganlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
2 272