O‘zA O`zbek

12.08.2018 12:02 Chop etish versiyasi

Ijodkori qadrlangan millatning qaddi baland bo‘ladi

Ijodkori qadrlangan millatning qaddi baland bo‘ladi

Azim Toshkentning so‘lim go‘shasida yozuvchi va shoirlar uchun bunyod etilayotgan ko‘p qavatli uyning qarshisida Prezident Shavkat Mirziyoyev bir guruh ijodkorlar bilan uchrashib, dildan suhbatlashdi. Uchrashuvni yosh ijodkor sifatida ulkan hayrat va hayajon bilan kuzatdim.

– Siz, ijodkorlar bilan uchrashish menga kuch-quvvat beradi, – dedi davlat rahbari. – Xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishda ijodkor-ziyolilarga tayanaman. Biz o‘tgan yillarda katta kamchilikka yo‘l qo‘ydik, sizlarning jamiyatda tutgan o‘rningizga yetarlicha e’tibor berolmadik, oqibatda ma’naviyat sohasida oqsash yuzaga keldi. Bu barcha sohalarga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Kamchiliklarni ro‘y-rost gapirmadik, ijodkorlarning erkin ijod qilishiga yo‘l qo‘yilmadi, hayot sifatini yaxshilashga e’tibor qaratilmadi. Biz endi ana shu xatolarimizdan xulosa chiqarishimiz lozim. Xalqning ma’naviyatini rivojlantirishimiz, dunyoqarashini o‘zgartirishimiz, qotib qolgan ongimizni tozalashimiz zarur. Buning uchun siz, ijodkor-ziyolilarning ko‘magingiz kerak bo‘ladi.

Akademik Naim Karimov, adabiyotshunos olim va tarjimon Ibrohim G‘ofurov, ustoz shoir-yozuvchilar Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Eshqobil Shukur, Abduqayum Yo‘ldoshev, Munavara Usmonovalar qatorida yosh ijodkor sifatida mamlakat rahbarining qarshisida turib, ijod ahlining millat, xalq, Vatan oldidagi burchi benihoya ulkan, mas’uliyati yuksak ekanini angladim.

Darhaqiqat, ma’naviyat sohasi barcha sohalarni bog‘lab turuvchi ko‘prik, rivojlantiruvchi kuch hisoblanadi. Adabiyot, badiiy ijod – ulkan tarbiya vositasi. Shu bois davlat rahbari yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirmasdan ularni vatanparvar etib bo‘lmaydi, deya ta’kidladilar.

Dunyoda axborot texnologiyalari jadal rivojlanmoqda. Davrning o‘qdek shiddati oldida odamzod ojiz qolayotir. Turli xabarlar, axborotlar, voqea va tafsilotlar odamlarni shoshib yashashga chog‘lantiryapti. Yot g‘oyalar, qarashlar tahdidi ortib boryapti. Qalbga zarba beradigan, parchalaydigan, yo‘ldan ozdiradigan, jazavaga tushiradigan, tobe qilib umrni behuda sarf etadigan mafkuralar beixtiyor shuurimizga singib, odat tusiga kirib bormoqda. Bozor iqtisodiyoti va globallashuv jarayonlari bilan bog‘liq mana shunday murakkab sharoitda adabiyotning qaddini rostlash, ko‘ngil ozuqasi, qalb tarbiyachisi bo‘lgan kitobning nufuzini ko‘tarish, keng targ‘ib qilishga tobora ehtiyoj sezilmoqda.

Ijod ahlining hayotiy manfaatlarini ta’minlash, jamiyat taraqqiyoti uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan ijodiy mehnatni qadrlash, adabiyotni yoshlar hayotining muhim va munosib qismiga aylantirish bajarilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifa ekanini ko‘rsatdi.

Barcha sohalar kabi milliy adabiyotimiz rivojini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilayotir. Jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Do‘rmon” ijod uyi va poliklinikasi tubdan rekonstruksiya qilindi. Uyushma qoshida “Ijod” jamoat fondi tuzildi. Adiblar xiyoboni barpo etildi. Yam-yashil libosga qo‘ndirilgan qahrabodek xiyobonda Yozuvchilar uyushmasi uchun yangi inshoot bunyod bo‘ldi.

Hududlarda ulug‘ adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablari, madaniyat va istirohat bog‘lari qurilishi qizg‘in tus oldi. Adabiyotimiz atoqli namoyandalarining yubiley sanalari munosib nishonlanmoqda, iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli ijodiy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda so‘z ketganda, yaqinda o‘tkazilgan, mamlakatning turli hududlaridan kelgan o‘nlab ijodkor yoshlarni kashf etgan “Zomin” anjumanining iste’dodlar beshigi vazifasini o‘tayotganini alohida ta’kidlash lozim. Yosh shoir va yozuvchilarning birinchi kitoblari davlat hisobidan ko‘p ming nusxalarda nashr etilib, ta’lim maskanlari va kutubxonalarga yetkazib berilmoqda.

Uchrashuvda Prezident kuni kecha Toshkentda o‘tkazilgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusida o‘tkazilgan yirik xalqaro anjuman borasida ham mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Asrlar silsilasida to‘plangan haqiqat shuki, shoiru nosiri, olimu muallimini e’zoz etgan, adibu adabiyotga rahnamo bo‘lgan davlat ravnaq topaveradi.

Zargar qimmatbaho metalldan, adib so‘zdan zebu ziynat yasaydi. Moddiy ziynat tanni, so‘z gavhari qalbni bezaydi. Shu bois botiniy go‘zallik hamisha e’zozlanadi. Qalb me’morlari bo‘lgan ijodkorlarga e’tibor qaratish, ularning hayotiy manfaatlarini himoyalash, turmushini yaxshilash ijodiy mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tom ma’noda “Davlat – ma’naviyatning bosh homiysi” bo‘lishini isbot etdi.

Mazkur qarorda Toshkent shahrida yashab ijod qilayotgan bir yuz o‘n nafar ijodkorlarni imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy bilan ta’minlash, shuningdek, viloyat va tumanlarda umrguzaronlik qilayotgan Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun uy-joylar ajratish belgilangan edi. Mana, oradan ko‘p o‘tmay, azim poytaxtga ko‘rk berib turgan “Bo‘zsuv” sohilida zamonaviy loyiha asosida muhtasham uylar qad rostladi.

Uylarning birinchi qavatida ijodkorlar va ularning oila a’zolari, farzandlariga qulay sharoit yaratish maqsadida poliklinika va maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilgan. Uchrashuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasiga, xususan, maktabgacha ta’limga islohotlar nima uchun zarur ekani borasida ham so‘z yuritdi.

Uchrashuv chog‘ida davlat rahbari tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilariga Parkent tumanidagi “Parkent”, Jizzax viloyatidagi “Zomin” ijod uylari qurilishini jadallashtirish borasida topshiriqlar berdi.

Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda, o‘z navbatida, ustoz ijodkorlar Ibrohim G‘ofurov, Naim Karimov Prezident Shavkat Mirziyoyevga adabiyotga, ijodkorlarga qaratayotgan ulkan e’tibori, yaratib berayotgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Faxriddin HAYIT,
“Yoshlik” jurnali bosh muharriri,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

O'zA
2 800