O‘zA O`zbek

07.08.2018 16:40 Chop etish versiyasi

Ijodkor mas’uliyati

Ijodkor mas’uliyati

Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!

Mamlakatimiz Prezidentining ijodkor ziyolilar bilan o‘tgan yili 3-avgustda o‘tkazgan uchrashuvi kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari o‘tishdagi yana bir muhim tarixiy qadam bo‘ldi.

Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan “Mamlakatimizda olib borilayotgan bugungi keng ko‘lamli islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar jarayonida ijodkor ziyolilarimizning o‘rni va hissasi qanday bo‘lmoqda?”, degan ko‘ndalang savol o‘rtaga tashlangan edi.

Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da Adiblar xiyobonining bunyod etilishi, adabiyotimizning buyuk namoyandalariga bag‘ishlab yodgorlik majmualarining o‘rnatilishi, uzoq yillar mobaynida muqim bir joyda faoliyat olib bormagan Yozuvchilar uyushmasi uchun maxsus bino qurilib, foydalanishga topshirilganligi adabiyot ahliga ko‘rsatilgan katta e’tibor bo‘ldi. Bugungi kunda ushbu dargohda o‘tkazilayotgan har bir tadbir, ijodiy uchrashuvlar, dilbar mushoiralar adabiyotimizga yosh, navqiron iste’dodlarning kirib kelishida katta ahamiyat kasb etmoqda. Viloyatlardan kelib, xiyobonda ulug‘lar haykali oldida qaldirg‘ochlardek tizilib she’r o‘qiyotgan yoshlarni ko‘rib, beixtiyor Shavkat Rahmonning “O‘zbekning qorako‘z bolalariga, bitta dunyo qolsin hayratlik” degan satrlari yodga tushadi.

Xalqimizning boy madaniy merosini tiklash va o‘rganish maqsadida poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilishi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, O‘zbekistonning yangi tarixi markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi o‘zbek xalqining beqiyos tafakkurini dunyoga ko‘rsatish, inson botinida qanday qudratli kuch, salohiyat borligini yuzaga chiqarish yo‘lidagi beqiyos qadamlardir. Kitobxonlik, mutolaa madaniyatidan xalqning uzoqlashib qolgani barchaning ko‘nglida jarohatga aylanayozgan bir paytda yana kitobxonlikka qaytish ko‘ngil ko‘zlarining yarqirab ochilishiga qiyoski, ijtimoiy tarmoqlardagi inson qalbiga yo‘naltirilgan qabohat, jaholat ildizlarini faqat ma’rifatgina bartaraf qilishga, qirqib tashlashga qodir.

Namangan viloyatida ulkan ma’rifatparvar Ibrat domla, Jizzax shahrida atoqli ijodkorlar Hamid Olimjon, Zulfiya va Sharof Rashidov, Xorazm viloyatida otashnafas hofiz Komiljon Otaniyozov, Nukus shahrida O‘zbekiston Qahramoni, shoir Ibroyim Yusupov, Farg‘ona, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Muhammad Yusuf nomi bilan ataladigan ijodiy maktab va markazlar tashkil qilindi.

Zomin va Parkentda qurilayotgan ijod uylari, uyushma a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni ayting...

Bundan yigirma yil avval Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan yosh ijodkorlar Zomin seminarining qayta tiklanishi, O‘riklisoyda bo‘lib o‘tgan ilk anjumanlar hozirgiday ko‘z o‘ngimda. Ulug‘ ustozlar Abdulla Oripov, Tursunoy Sodiqova, Muhammad Yusuf va boshqa azizlar bugun oramizda yo‘q, biroq ularning asarlari xalq mulkiga aylangan.

Davlatimiz rahbari ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvida madaniyatimiz va san’atimizning rivojlanish jarayonlaridagi ijobiy tendensiyalar bilan birga, ayrim salbiy holatlar, xususan, to‘y-hashamlar, estrada qo‘shiqchiligi, sayoz kitoblar, ularning jamiyat hayotiga ta’siri haqida atroflicha fikr yuritib, xalqimizning ma’naviy kamolotida ijodkorlarning xizmati beqiyos ekanini alohida ta’kidlagan edi.

Bugungi zamonamiz qahramoni kim? Uning badiiy asardagi ifodasi qanday? O‘zbek adabiyotining durdonalarini dunyoga olib chiqish uchun tarjimonlarimizning ijodiy imkoniyatlari yetarlimi?

O‘tib borayotgan vaqt har bir ijodkordan yanada faollik, yangi-yangi ijodiy g‘oya va tashabbuslar bilan yashash, izlanish ruhini talab etmoqda.

Shuningdek, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz”.

Chunki ijodkorning ulug‘ so‘z oldidagi mas’uliyati ushbuni taqozo etadi.

Sharifa Salimova,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
madaniyat xodimi, shoira

O‘zA
2 599