O‘zA O`zbek

13.08.2018 21:37 Chop etish versiyasi

Ijodiy yuksalish sari rag‘bat

Ijodiy yuksalish sari rag‘bat Vatanimiz mstaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab “Eng ulug‘, eng aziz”an’anaviy ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda adabiyot, san’at, jurnalistika sohalarida taqdim etilgan ijodiy ishlar badiiy saviyasi, maqsad va yondashuvlari bilan o‘tgan yilgidan ancha yuksalgani tanlov hay’ati va mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi.

– Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili ijodkorlar bilan uchrashuvda adabiyot, jurnalistika, madaniyat va san’atning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish bo‘yicha belgilab bergan vazifalari hammamizni sergaklantirib, Vatan, xalq oldidagi burchimizni chuqur his etishga undadi, – deydi yozuvchi Abdulla Ahmad. – Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda hech bir ijodkorni befarq qoldirmaydigan tarixiy islohotlar amalga oshirilayotir. Shahar-qishloqlarimizni obod, xalqimiz turmushini yanada farovon qilish, davlatimizning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni, taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan illatlarni ro‘y-rost yoritish biz ijod ahlining zimmasiga katta mas’uliyat yuklayotir.

Ko‘rik-tanlovda adabiyot yo‘nalishida yozuvchi Abdulla Ahmad “O‘limga tik boqqanlar” romani, “Jizzax haqiqati” – “Djizakskaya pravda” gazetalari bo‘lim muharriri Vasil Ilyosov sud-huquq tizimidagi islohotlar mavzusidagi maqolalari, viloyat teleradiokompaniyasining bo‘lim muharriri O‘tkir Xolbekov “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijrosiga bag‘ishlangan turkum ko‘rsatuvlari, musavvir Andrey Xolov rangtasvir asarlari uchun birinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 295