O‘zA O`zbek

26.08.2018 12:22 Chop etish versiyasi

Ijod zamirida yashiringan ijod...

Ijod zamirida yashiringan ijod... Oʻzbekiston davlat sanʻat muzeyi ekspoziyasidan mebellar kolleksiyasiga ham alohida oʻrin egallagan. Negaki, bu nodir asarlar Rossiya, Gʻarbiy Yevropa va Xorijiy Sharq mamlakatlari mebelsozligi tarixini oʻzida namoyon etgani bilan ahamiyatlidir.

Ayniqsa, ular orasida Italiya, Germaniya, Ispaniya, Xitoy va Yaponiya mebelsozligi namunalari oʻzining tarixiyligi bilan ajralib turadi. Masalan, Shimoliy Germaniya mebelsozligiga oid javonni oʻziga xos sanʻat asari deyish mumkin. XVIII asrga mansub ushbu asar dub daraxtidan yaratilgan boʻlib, unda yogʻoch oʻymakorligining betakror jihatlariga shohid boʻlasiz. Javonda oʻyilgan ijodiy lavhalarda insonlar qiyofasi va ularning kasbi korlari tasvir etilgan. Bu qiyofalar qoʻllarida musiqa asboblari, yoki kitoblar ushlagan holatda ifoda etilgani bilan kishini hayratlantiradi. Chunki ulardagi ijod zamirida ijod yashiringanini anglaganday boʻlasiz...

XVII- XVIII asrlarga oid Rossiya mebellari ham gʻarb mebellaridan sira qolishmaydi. Shu asrlarga mansub yigʻma stol yogʻochdan ishlangan boʻlib, u sadaf bilan bezak berilgan. Shimoliy Xitoy anʻanalarini oʻzida aks ettirgan yotoq mebeli ham betakror va jozibador sanʻat asaridir. Ushbu mebel XIX asrda xitoyliklar mebelsozligining taraqqiy etganidan dalolat beradi. Yogʻochdan yasalgan bu sanʻat asarida bezak uchun rangli daraxt va suyakdan foydalanilgan.

5.jpg

Muzey direktori Vasila Fayziyevaning taʻkidlashicha, “Rossiya va Gʻarbiy Yevropa davlatlari sanʻati” va “Xorijiy Sharq mamlakatlari sanʻati” boʻlimlaridan joy olgan nafaqat mebellar, balkitasviriy va amaliy sanʻat asarlari, haykaltaroshlik, bronza, seladon, farfor va fil suyagidan – neske yasalgan noyob buyumlar, musiqa asboblari, yogʻoch oʻymakorligi namunalari yosh avlodni XVII – XX asrlar Rossiya, Germaniya, Italiya, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Eron kabi davlatlar madaniyati va sanʻatini sinchiklab oʻrganishga undaydi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, yoshlar qalbida tarixiy va maʻnaviy merosimizga nisbatan hurmat tuygʻusini uygʻotishda muzeylarning oʻrni beqiyos. Binobarin, bugungi kunda muzeylar nafaqat xalqimiz tarixidan xabardor qiluvchi osori-atiqalarni saqlaydigan, namoyish qiladigan muqaddas maskan, balki taʻlim tizimi rivojida, navqiron avlod tarbiyasida muhim ahamiyatga ega boʻlgan maʻnaviyat dargohi hamdir.

Nasiba Ziyodullayeva, Farhod Abdurasulov (surat) OʻzA
2 160