O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilariga 32 ta oltin va 5 ta kumush medal berildi

Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilariga 32 ta oltin va 5 ta kumush medal berildi

2019/2020 oʻquv yili natijasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalari bitiruvchilariga 32 ta oltin va 5 ta kumush medali topshirildi.

Jumladan, ijod maktabi bitiruvchilari 26 ta oltin va 3 ta kumush medalni qoʻlga kiritdi. Ixtisoslashtirilgan maktablarning olti nafar bitiruvchisi oltin va ikki nafari kumush medal sohiblariga aylandi.

Maʼlumot uchun: 2019/2020 oʻquv yilida Prezident maktablari Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlarida faoliyat yurita boshladi va hozir mazkur maktablarda 11-sinf bitiruvchilari yoʻq.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yilning fevral oyida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomni tasdiqlagan edi.

Nizomga koʻra, oltin medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflari hamda akademik litseylarda barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazorat, choraklik, yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli, shuningdek, jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga berilishi belgilangan. Kumush medal esa umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomaga ega, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseylarda barcha fanlar boʻyicha yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.

1 445
OʻzA