O‘zA O`zbek

08.08.2018 20:42 Chop etish versiyasi

Ijobiy o‘zgarishlar davri

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijodkor ziyolilar bilan uchrashganiga ham bir yil bo‘ldi. Tarixiy nuqtai nazardan bu vaqt unchalik katta emas. Biroq Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar tizimidan taralayotgan “nur”ning o‘ziga xos jihatlari ular hayotga joriy etilayotgan ilk kundanoq ijobiy samarasini bermoqda.

Shu o‘rinda mamlakatimiz Prezidentining ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi nechog‘lik unumli va sermahsul bo‘lgani, unda qanchadan-qancha muhim masalalar xususida so‘z borgani, ularning aksariyati ushbu jonli muloqotning o‘zidayoq o‘z yechimini topganini eslash joiz.

Ko‘z ochib yumguncha bir yil ham shiddat bilan o‘tib ketdi. Bir yil...uni qanday qilib bir yoqlama sarhisob qilish mumkin?! Atigi bir yil unchalik katta davr bo‘lmasa-da, undagi o‘zgarishlar zanjiri aniq va yaqqoldir.

Uchrashuvning asosiy maqsadlaridan biri – Prezidentimizning o‘zbek san’ati hech qachon biznesga aylanmasligi haqidagi tezisi ko‘plab ishlarda yorqin ifodasini topdi. Teatrlar va boshqa san’at muassasalarining moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada mustahkamlandi, teatr san’atini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi ishonchli homiylar belgilab olindi. Chunki ushbu muassasalarni to‘laqonli rivojlantirmasdan turib, zamonaviy va yuksak darajadagi spektakllar sahnalashtirish hamda boshqa loyihalarni amalga oshirishning iloji yo‘q. Ko‘plab san’at arboblari baxtiga Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri, shuningdek, mamlakatimizning boshqa teatr va ijodiy oliy o‘quv yurtlari jamoasiga munosib ish haqi belgilash masalasi hal etildi. Yuksak faxriy unvonlarga sazovor bo‘lgan tajribali san’at ustalariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi – ular davlatimiz taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilish bilan birga, hozirgi kunda ish haqi bilan bir qatorda to‘liq miqdorda pensiya ham olmoqda. Ijodiy oliy o‘quv yurtlari va ularda faoliyat yurituvchi pedagoglarning moddiy sharoitini yaxshilash Prezidentimiz irodasi va bevosita rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan islohotlarning diqqat markazidadir.

Darhaqiqat, Prezidentimiz farmoniga muvofiq yangi shaklda konsert-filarmoniya faoliyati tiklangani tahsinga loyiq. Ushbu sohada keng jamoatchilik o‘rtasida boy milliy an’analarni targ‘ib qilish barobarida dunyo mumtoz merosi, ma’rifiy ishlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bilim va dunyo madaniyatini anglash manbai sifatida kitobga e’tibor hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ijodiy ta’lim darajasini oshirish tizimi takomillashtirilmoqda, murabbiylar tomonidan yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor kuchaytirilmoqda. O‘zbekistonlik yoshlarning ko‘plab nufuzli xalqaro tanlovlardagi muvaffaqiyati yosh iqtidor egalarining kamoloti, xorijda mamlakatimiz madaniyati va san’ati nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida biz jadal o‘zgarishlar muhitida yashayotganimiz yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Deyarli har kuni ezgu va xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatiga ega Prezidentimiz rahbarligida har bir tizim, har bir sohada muhim va salmoqli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Davlatimiz rahbarining ko‘p millatli xalqimiz hayotidagi o‘zgarishlar ertaga va hatto yaqin kelajakda ham emas, balki ayni paytda sodir bo‘lishi kerak degan da’vati muhim va salmoqlidir. Deyarli har on ichki hissiyot va kuch bilan O‘zbekistonnning ko‘p qirrali, keng miqyosli hayotida jiddiy o‘zgarishlar joriy etilayotganini his qilasan kishi. Tabiiyki, bu yo‘lda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar, ongi odatiy me’yorlardan chiqib keta olmayotgan ayrim rahbarlarning fikrlash qobiliyati sustligini yengib o‘tish va, albatta, yangi kadrlarni izlash zaruratini ham to‘liq anglab yetmoqdamiz. O‘z kasbining mohir ustalari avlodi hamda turli sohalarga kirib kelgan va yaqin kelajakda kirib kelajak yangi kadrlar o‘rtasidagi aloqa ham o‘ta muhim va chambarchas bog‘liqdir.

Amalga oshirilgan islohotlarning ahamiyatini yanada yuksakroq, ishonch bilan baholash uchun Alisher Navoiy nomidagi DAKTning o‘tgan yil davomidagi yutuqlariga nazar solish kifoya. O‘tgan mavsum boshida teatrning tarixiy binosi oldidagi maydonda teatr tarixida ilk marotaba OPEN AIR gala-konserti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bizni uning yuksak texnik imkoniyatlari, go‘zal musiqa kechasi muhiti va tarovatidan Toshkentning musaffo osmoni ostida bahramand bo‘lgan keng tomoshabinlar audotoriyasi qiziqish bildirgani ham quvontirdi. Bugun, yangi mavsum oldidan navbatdagi OPEN AIRning mutlaqo yangi loyihasi ustida faol ish olib boryapmiz. Rejaga ko‘ra, u 14-15 sentyabr kunlari teatrimizning yangi, 89-mavsumini ochib beradi. Loyihani yana iste’dodli dirijyor Bobomurod Xudoyqulov bilan hamkorlikda amalga oshirayotganimdan xursandman. Xuddi oldingi safargidek, uni o‘z kuch va imkoniyatlarini ayamayotgan teatrimiz do‘stlarining faol homiylik yordamisiz amalga oshirishning iloji yo‘q.

O‘tgan mavsum premyeralarga boy bo‘ldi –teatr sahnasida qo‘yilmayotgan A.Rubinshteyn “Iblis” operasining yangi talqini, “Kameliyali xonim” (J. Verdi va P. Maskanya musiqasi asosida), A.Melikovning “Ikki qalb dostoni”ni o‘z ichiga oluvchi qator balet premyeralari sahna yuzini ko‘rdi. Ko‘plab loyihalar mehmonlar tomonidan amalga oshirilgani e’tiborga loyiq – “Iblis” operasi xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Irkin Gabitov (Sankt-Peterburg) tomonidan sahnalashtirildi, “Ikki qalb dostoni” tarixiy premyerasini sahnalashtirishda atoqli xoreograf va pedagog Azariy Pliseskiy , “Kameliyali xonim” baletida mashhur turk xoreografi Mexmet Balkan faol ishtirok etdi. Nomlari zikr etilgan xorijiy san’at ustalari qatorini davom ettirish mumkin. Jakomo Puchchinining “Floriya Toska” operasining yangi talqini shular jumlasidandir. K.Xachaturyan musiqasiga sahnalashtirilgan “Oppog‘oy va yetti gnom” baleti premyerasida yosh xoreograf Ravshan Choriyevning iqtidori to‘liq va yaqqol namoyon bo‘lgani quvonarli. U uchun bu spektakl baletmeysterlik yo‘nalishidagi muvaffaqiyatli diplom ishi bo‘ldi.

Yangi mavsum boshida S.Yudakovning «Maysaraning ishi“ operasining mutlaqo yangi talqini premyerasi namoyish etiladi. Uni bosh dirijyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Fazliddin Yoqubjonov va sahnalashtiruvchi rejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Haydarali Qosimovlar sahnalashtirgan. Tomoshabinlar e’tiboriga, shuningdek, M.Bafoyevning ”Xamsa" operasining yangilangan talqini havola etiladi, unda sahnalashtiruvchi sifatida men Alisher Navoiy bosh roliga yangi umidli ijrochi Abdug‘ani Ro‘ziyevni tavsiya qilmoqchiman. Ishonamanki, yangi mavsum poytaxtlik san’at ixlosmandlarini yangi taassurotlar va kutilmagan yangiliklar bilan siylaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hayotimizga deyarli har kuni kirib kelayotgan ne’matlarning xayrli ekanini anglagan holda bor kuch va imkoniyatimizni mamlakatimiz va umuman olganda, xalqimiz, shuningdek, uning turli madaniyatlari sohasi yanada go‘zal, uyg‘un bo‘lishiga safarbar etish, bu ezgu ishga hissa qo‘shish ishtiyoqi kuchaymoqda. Zero, atrofimizdagi olam dunyo hamjamiyatida tobora munosib o‘rin egallab borayotgan mamlakatimiz san’ati va madaniyatining o‘ziga xosligini anglab yetsin!

Andrey SLONIM,O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri sahnalashtiruvchi rejissyori.

O‘zA
2 250