O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 10:48 Chop etish versiyasi

Ijarada yashagan ayol uy jihozlarini oʻgʻirlab ketdi

Ijarada yashagan ayol uy jihozlarini oʻgʻirlab ketdi

Xalqimizda “Egilgan boshni qilich kesmaydi” degan maqol bor. Koʻp hollarda insonning qilgan xato ishidan chin koʻngildan pushaymon ekanligini bildirishiga xalqimizga xos kechirimlilik, bagʻrikenglik bilan javob qaytariladi.

Xorazm viloyati Urganch shahrida yashovchi yoshlikning oʻyinqaroqlik damlaridan oʻtgan, 37 yoshli Lolabibi Qaysarova (ism-sharifi oʻzgartirilgan) oʻziga bildirilgan ana shunday ishonchni oqlamadi.

U 2017 yilning yanvar oyida firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi. Mamlakatimizdagi insonparvarlik, kechirimlilik tamoyili asosida bu ayolga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi 2017 yilning iyul oyida axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi.

Lolabibi Qaysarova joriy yilning iyul oyida Urganch shahridagi uylardan birini ijaraga olib yashay boshlaydi. Uyning bir xonasida xonadon egasining buyumlari saqlanayotgani bois oʻsha eshikka qulf oʻrnatiladi. Lekin Qaysarova oradan koʻp oʻtmay berk xonaning qulfini buzadi. U yerda saqlanayotgan umumiy qiymati 2 million 130 ming soʻm boʻlgan gaz plitasi va 4 ta gilamni oʻgʻirlab ketadi.

Kunlarning birida ijarada yashovchining holidan xabar olish uchun kelgan xonadon egasi uydagi tartibsizlik hamda oʻziga tegishli jihozlarining yoʻqligini koʻrib, ichki ishlar idorasiga murojaat qiladi. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida Lolabibi Qaysarova kirdikorlari fosh etiladi. Oʻgʻirlab ketilgan buyumlar egasiga qaytariladi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

A.Shokirov, OʻzA