O‘zA O`zbek

22.07.2019 Chop etish versiyasi

IIV xodimlari Mudofaa vazirligidagi ixtisoslashtirilgan oʻquv kurslarini bitirdi

IIV xodimlari Mudofaa vazirligidagi ixtisoslashtirilgan oʻquv kurslarini bitirdi

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugiga qarashli Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlari tahsil olishi uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan oʻquv kurslarining navbatdagi bitiruviga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Dilshod Choriyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kenesi qoʻmita raisi Sogʻindiq Turmanov va ichki ishlar vazirining oʻrinbosari polkovnik Islom Ahmedov hamda faxriylar ishtirok etdi.

Ikki haftalik kurslarni tamomlagan IIV xodimlarining bitiruv marosimida soʻzga chiqqan okrug qoʻshinlari qoʻmondoni D.Choriyev 2019-yilning 15-yanvar sanasidan tashkillashtirilgan oʻquv kurslarini bugungi kunga qadar 700 nafar ichki ishlar xodimi muvaffaqiyatli tamomlaganini taʼkidladi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil noyabr oyida Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida Mudofaa vazirligi tizimida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarni va toʻplangan tajribani keng ommalashtirish borasida ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy-vatanparvarlik tarbiyasi samaradorligini yanada oshirish, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi vazifalarni hal etish boʻyicha koʻrsatma berilgan edi.

Mazkur yoʻnalish boʻyicha Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlarining tahsil olishi uchun tajriba tariqasida yaratilgan 15 kunlik ixtisoslashtirilgan oʻquv kurslari oʻz samarasini bermoqda.

Tadbir davomida kursning navbatdagi bitiruvchilariga tegishli sertifikat va faxriy yorliqlar topshirildi.

Mazkur tadbir quvonchlarga boy boʻldi. Chunki mudofaa vazirining buyrugʻi bilan bir guruh Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi ofitserlariga navbatdagi harbiy unvonlar berildi.

Tantana davomida okrug qoʻshinlari qoʻmondoni navbatdagi harbiy unvon olgan ofitserlarning kelgusi xizmat faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, unvonlarni topshirdi.

845
OʻzA