O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

IIV xodimlari malakasini oshirmoqda

IIV xodimlari malakasini oshirmoqda

Toshkentdagi Inha universiteti va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti boshligʻi, yuridik fanlari doktori, professor Nuriddin Normatov huquqni muhofaza qilish idoralarining faoliyati turli xil katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlash bilan bogʻliq ekanini taʼkidladi. Bu esa, oʻz navbatida, axborot texnologiyalaridan foydalanishni talab etadi.

Dunyoda hisob-roʻyxat va statistik maʼlulomotlarni toʻplash va qayta ishlashda axborot tizimlari faol qoʻllanilmoqda, bu tezkor-tergov tadbirlar va kriminalistik tadqiqotlar oʻtkazishni yengillashtirmoqda.

Imzolangan memorandum institut oʻquv jarayoniga masofadan turib oʻqitish tizimi va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qiladi. Shuningdek, u zamovaniy AKT sohasida yangi oʻquv-uslubiy materiallar va oʻquv dasturlarini integratsiya qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, kompyuter va dasturiy injiniring, matematik modellashtirish, algoritmlashtirish va kriptografiya sohasida zamonaviy oʻquv adabiyoti va materiallar ishlab chiqiladi.

Memorandumga koʻra, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun ilmiy xulosa va tavsiyalar, oʻquv rejalari, oʻquv-uslubiy va meʼyoriy materiallar tayyorlashda yaqin hamkorlik qilish koʻzda tutilgan. Inha universiteti bilan hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining ichki ishlar organlari xodimlarining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda bilim va malakasini oshirish borasidagi salohiyatidan samarali foydalanishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida taʼlim muassasalari rahbarlari memorandumda koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xarita”si ishlab chiqish borasida kelishib oldi.

1 552
Roman BONDARCHUK, OʻzA