O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

IIV: Shubhali kishilar shaxsini planshetlar orqali bir zumda aniqlash mumkin boʻladi

IIV: Shubhali kishilar shaxsini planshetlar orqali bir zumda aniqlash mumkin boʻladi

Har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish jamiyatda tinch va osoyishta hayotni taʼminlashning asosiy shartlaridan biridir. 
Davlatimiz rahbari huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish vazifasini qoʻygani bejiz emas. 
Zero, noxush holatlar sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni oʻz vaqtida bartaraf etish ularning takrorlanmasligiga zamin yaratadi. 


Poytaxtimizda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda soʻz yuritildi. 
Sohaga boʻlgan eʼtibor natijasida keyingi paytda mahallalarda faoliyat yuritayotgan tayanch punktlari soni 4 ming 849 taga yetkazilgan. Oʻz navbatida, profilaktika inspektorlari soni 7 ming 291 nafarni tashkil etmoqda. 


Profilaktika inspektorlarining mahalla faollari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan chora-tadbirlari natijasida joriy yilning oʻtgan davrida 4 ming 88 mahallada birorta ham jinoyat sodir boʻlmagan. 
Davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yilda haftaning har payshanbasi profilaktika kuni sifatida belgilab berilgan edi. Oʻsha yilda bunday tadbirlar doimiy oʻtkazilib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan. 


Biroq, hozirgi kunda bunday tadbirlar nega susayib qoldi, degan savolimizga IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Davron Azizov profilaktika tadbirlari oʻtkazilayotgani, lekin ommaviy axborot vositalarida yoritilishi susayib ketgani maʼlum qilib, bu kamchilik toʻgʻrilanishini bildirdi. 
Profilaktika inspektorlari zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanmasligi, masalan vaqtincha roʻyxatda turuvchi shaxslar elektron bazalari nega mavjud emas, degan savolimizga javoban esa bu borada yangi rejalar amalga oshirilayotgani, inspektorlarga 1,5 mingta planshet tarqatilgani aytildi. Ushbu planshetlar orqali shubhadagi fuqaro joyida identifikatsiya qilinadi yaʼni shaxsiga aniqlik kiritiladi.


608
Shuhrat NEʼMATOV, OʻzA