O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

IIB xodimi 64 milliondan ortiq jarima mablag‘larini o‘zlashtirgan va ma’muriy bayonnomalarni yoqib yuborgan

IIB xodimi 64 milliondan ortiq jarima mablag‘larini o‘zlashtirgan va ma’muriy bayonnomalarni yoqib yuborgan

IIB xodimi tomonidan 64 milliondan ortiq jarima mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirgan ma’muriy bayonnomalarni qasddan yoqib yuborgan 

Ziyodulla Shermatov (ism-shariflar shartli o‘zgartirilgan) 2016 yilning mart oyidan 2018 yil mart oyiga qadar Xatirchi tuman IIB Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi ma’muriy amaliyoti bo‘limi inspektori lavozimida ishlagan.

Mazkur vaqt oralig‘ida u davlat bergan vakolatlaridan o‘zining shaxsiy manfaatlari maqsadlarida foydalandi.

Sudlanuvchi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida“gi kodeksning turli moddalari bilan javobgarlikka tortilgan 380 nafar fuqarodan ularning iltimoslariga binoan jami 87 million 760 ming 577 so‘m miqdoridagi jarima pullarini qabul qilib olib, tegishli tartibda bank kassasiga kirim qilinishini ta’minlamagan. Ya’ni u bu mablag‘larni o‘zining shaxsiy manfaatlari uchun ishlatib yuborgan.

Bu ham yetmagandek, YPX xodimlari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaganligi uchun 400 nafar fuqaroga rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalarni qasddan yoqib yuborgan.

62 ta holatdagi ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqishda qonunda nazarda tutilganidan kam miqdorda jarimalar qo‘llanishini amalga oshirib, 64 million 165 ming 693 so‘mlik jarima mablag‘larini davlat foydasiga undirmagan va davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan.

2019 yilning 23 oktabr kuni mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, sudlanuvchi Z.Shermatovga qilmishiga munosib qonuniy jazo tayinlandi.

Fuqarolarimizning davlat organlariga ishonchi yanada ortayotgan bir paytda o‘z qasamyodini buzib, davlat bergan vakolatlardan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalangan bunday shaxslarning qilmishini oqlab bo‘lmaydi.

Z.Ibragimov, Jinoyat ishlari bo‘yicha 
Nurota tuman sudi raisi

1 503
O‘zA