O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

IIB inspektori xizmat mashinasida ayolni urib oʻldirgani rostmi?

IIB inspektori xizmat mashinasida ayolni urib oʻldirgani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻonada “Mast xodim” reydidan qochgan IIB inspektori ayolni xizmat mashinasida urib oʻldirganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.Xoʻsh, bu qanchalar asosli? Viloyat ichki ishlar boshqarmasining matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Internetdagi mana shunday oldi-qochdi xabarlarga munosabat bildirish jarayonida bir gapni takror va takror ishlatamiz. Iltimos, aksari asoslanmagan manbalardan foydalanmang. Yolgʻon aralashgan joyga gʻiybatchilik, chaqimchilik, igʻvo, boʻhton va boshqa turdagi barcha til ofatlari kirib kelar ekan.

“Mast xodim” reydidan qochgan IIB inspektori ayolni xizmat mashinasida urib oʻldirdi” nomli xabar ham shunga misol. “...zobit iddaosiga koʻra, YTH sababchisi deya koʻrilayotgan A.E qoni tekshirilganda oz miqdorda alkogolli ichimlik isteʼmol qilgani yuzaga chiqqan” - debsiz. Kim aytgani nomaʼlum gapingiz uchun. Oʻsha 25-sentyabr kuni soat 20:30larda sodir boʻlgan voqea paytida profilaktika inspektori A.E mutlaqo mast holatda boʻlmagan. Buni Fargʻona shahar narkologiya dispanserining 25.09.2019-yildagi (raqamlangan) xulosasi isbotlab turibdi. A.E “IIB ichki xavfsizlik xizmati spirtli ichimlik ichgan xodimlarni aniqlash maqsadida oʻtkazgan reyd davomida qoʻlga tushib qolishdan qochayotgan paytda urib yuborgan”ligi ham hech qanday asosga ega emas. Oʻsha kuni xodimlar uchun hech qanday reyd tadbirlari oʻtkazilmagan. Xodim xizmat avtomashinasida emas oʻzining shaxsiy “Matiz” rusumli avtomobilida hushyor holda boʻlgan. Hodisa roʻy bergan kuni A.E avtomashinani Fargʻona shahar S.Temur koʻchasidan A.Navoiy koʻchasi tomonga boshqarib ketayotib, shu koʻchada joylashgan “Shox” kafesi roʻparasiga yetgan vaqtida toʻsatdan avtomashina oldiga chiqib qolgan. Natijada 1972-yilda tugʻilgan fuqaro Karimaxon Hoshimovani urib yuborib, yoʻl-transport hodisasi sodir etgan (Jabrlanuvchining ism-sharfi, yoshi ham toʻgʻri yozilmagan) Ogʻir tan jarohati olgan ayolni A.Ening oʻzi Fargʻona shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga olib borgan vaqtda vafot etgan.

Mazkur holat boʻyicha voqea joyida olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida voqeani guvohi boʻlgan fuqarolar A.N, D.M, Sh.O, U.R, maʼlum qilishicha, (guvohlarning shaxsiy maʼlumotlari ham bizda bor) YTHga uchragan ayolni dastlab yoʻlning qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelgan “Neksiya” rusumli avtomashina urib yuborganligi, undan keyin ushbu ayol “Matiz” avtomashinasiga borib urilganligini bildirishdi. “Neksiya” rusumli avtomashinani ushlash choralari ham koʻrilgan.

Oʻzbekiston tumani IIB profilaktika inspektori, katta leytenant A.Ega nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Albatta kelgusida yuqoridagi holatga qonuniy baho beriladi. Oʻzingiz aytmoqchi, “ayni paytda bu ayblovlar aks etgan hujjat Ozodlikda yoʻq.” Demak, u aytdi, bu aytdi deb podadan oldin chang chiqarish yaxshi emas.

621
M.SULAYMONOV, OʻzA