O‘zA O`zbek

13.08.2018 18:38 Chop etish versiyasi

Ichkilikbozlik– illat

Ichkilikbozlik– illat Kechki payt yosh jiyanlari bilan aylanib yurgan ayolga oyog‘ida zo‘rg‘a turgan bir mast kishi chayqala-chayqala: “O‘h-hu, bolajonlar bilan nochnoy progulkami?” dedi g‘o‘dranib. “Turqing qursin, alkash!”. Har qancha past ovozda aytilmasin, haligi mast bu gaplarni eshitdi va so‘kina boshladi. Og‘zidan adi kirib, badi chiqayotganerkakning o‘shqirishidan bolalar ham, ayol ham qo‘rqib ketdi. “Amma, shu bilan aytishmang, yuring, ketaylik”, dedi bolalar...

Milliy o‘zligimizga mutlaqo zid va begona bo‘lgan bunday aroqxo‘rlik iskanjasidan xalos bo‘lolmayotgan kimsalar hamon oramizda borligi achinarli hol, albatta. Ochig‘i, bu illat odamzotning xulq-atvori, ma’naviyati, dunyoqarashi, eng muhimi, salomatligiga jidddiy putur yetkazishini hayotning o‘zi allaqachon isbotlab bo‘lgan. Shishadagi tilsiz og‘u necha-necha oilalarni yemirib, taqdirlarni yomon tomonga o‘zgartirib yuborgani, kimlarnidir muqarrar halokatga eltgani ham bor gap.

Shukrki, biz ichkilikka mukkasidan ketgan xalq emasmiz. Biroq bu narsaga ruju qo‘yganlar, bu yo‘lda adashganlarning xatti-harakati ko‘pchilikni tashvishga solmoqda, jamiyatimiz rivojiga tushov bo‘lmoqda. Shuning uchun ham mamlakatimizda kechki soat 21.00 dan keyin spirtli ichimlik sotishni taqiqlashga oid bildirilayotgan amaliy takliflar keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.

– Azaliy qadriyatlarimizda halol va harom, degan tushunchalarning chegarasi aniq belgilangan, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Ergash Daminov. – Insonni es-hushidan, aqlu tafakkuridan begona qiladigan har qanday narsaning illat ekani kundek ravshan. Alkogol sotishni cheklash, uni muayyan vaqt chegarasida tizimga solishtashabbusi ko‘pgina ko‘ngilsizliklarning oldini olishi shubhasiz. Masalaning ikkinchi tomoni – kechki payt oila davrasida kattalar farzandlari ko‘z o‘ngida qadah urishtirib o‘tirishi bola tarbiyasiga ham, ma’naviyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrar. Uning o‘rniga ota bolalariga qiziqarli kitob o‘qib bersa yoki biror hikmatli voqeani so‘zlasa, bolaning fe’li-atvori, tarbiyasiga nechog‘li ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Biz – qalbida iymoni sobit xalqmiz. Shu ma’noda, o‘zimizni, farzandlarimizni, ularning kelajagini turli illatlardan omon saqlash har bir ota-onaning burchidir.

– Ichkilikdan hali hech kim baraka topmagan, – deydi poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Manzura Valiyeva. – Kechki payt spirtli ichimliklar bilan savdo qilmaslikka oid tashabbusni barcha to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Zero, bu tashabbus oilalar buzilishining oldini olishda, huquqbuzarliklar profilaktikasini yanada kuchaytirishda, fuqarolarning o‘z yurti, oilasi, farzandlari uchun mas’uliyatini oshirishda, yoshlar tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda g‘oyat muhim qadam bo‘ladi. Jamoatchilik sa’y-harakati bilan mahalla hududiga yaqin joylardagi tungi kafelar, diskoteka klublari ishiga barham berdik. Alkogol savdosi vaqtini tartibga solishga oid ijobiy taklif-tashabbus oilalar, yoshlar, qo‘yingki, uni iste’mol qiladiganlar uchun ham, eng muhimi, jamiyat va kelajak uchun faqat va faqat naf keltiradi.

Darhaqiqat,spirtli ichimlik savdosini kechki payt taqiqlashga oid tashabbus keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu esa farzandlar tarbiyasi, oilalar totuvligi, jamiyatdagi o‘zaro ahil va hamjihatlik muhitining barqarorligi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 210