O‘zA O`zbek

07.02.2020 Chop etish versiyasi

Ichki turizmga yoʻl: kam taʼminlangan oʻquvchilar uchun poytaxtga sayohat tashkil etiladi

Ichki turizmga yoʻl: kam taʼminlangan oʻquvchilar uchun poytaxtga sayohat tashkil etiladi

Jizzax viloyati xokimligi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Markaziy harbiy okrug hamkorligida “Jaholatga qarshi maʼrifat” degan ezgu gʻoya targʻibotiga bagʻishlangan “Yoshlar va harbiylar forumi” oʻtkazildi.

Yoshlar innovatsion markazida tashkil etilgan forumda taʼlim muassasalari yoshlar boshlangʻich tashkilotlari yetakchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari, uyushmagan yoshlar ishtirok etdi. Tadbir doirasida yigʻinda insonparvarlik, tinchlik va doʻstlik mavzulariga alohida eʼtibor qaratildi.

Forumda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlaridan 100 nafarini Toshkent shahridagi “Turon” kutubxonasi, “Amir Temur muzeyi”, “Toshkent siti” hamda “Qurolli kuchlar muzeyi”ga sayohatini tashkil etish boʻyicha taklif maʼqullanib, safarni shu oyda amalga oshirish belgilandi.

Tadbir davomida Jizzax shahar madaniyat boʻlimi hamda Jizzax garnizoni orkestr jamoasi ishtirokida vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlar ijro etildi.

Tadbir soʻngida faol ishtirok etgan yoshlarga viloyat hokimligi va yoshlar ittifoqi tomonidan kitoblar jamlanmalari sovgʻa qilindi.

– Harbiylar ishtirokida oʻtkazilayotgan bunday maʼrifiy tadbirlarda yoshlar katta qiziqish bilan ishtirok etishayotir, – deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Eshtemir Ismatov. – Yurtimiz tinchligini koʻz qorachigʻidek asraydigan, kerak boʻlsa jonini fido qiladigan harbiylar jasorati mamlakatimiz yoshlari uchun haqiqiy maʼnodagi namunadir. Yoshlarning istak va intilishlarini hisobga olib hududdagi harbiy qismlar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda bunday tadbirlar muntazam oʻtkazib turishga eʼtibor qaratayotirmiz.

20 723
T. BEKNAZAROV, OʻzA