O‘zA O`zbek

31.08.2018 18:39 Chop etish versiyasi

Ichki ishlar xodimlariga davlat mukofotlari topshirildi

Prezident farmoni bilan Mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida 12 nafar ichki ishlar xodimi mamlakatimizda jamoat xavfsizligi, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi koʻp yillik fidokorona mehnati, xizmat burchini bajarish va milliy manfaatlarimizni himoya qilishda mardlik va jasorat koʻrsatgani hamda yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qoʻshgan munosib hissasi uchun davlat mukofotiga sazovor boʻldi.

Ichki ishlar vazirligida ana shu mukofotlar oʻz egalariga tantanali topshirildi.

Tadbirda ichki ishlar vaziri P.Bobojonov mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, aholi manfaatlarini himoya qilish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, diniy ekstremizmga qarshi kurashish ichki ishlar organlari xodimlarining eng asosiy vazifasi ekani, shuning uchun yurtimiz tinchligini asrashda doimo hushyor va ogoh boʻlish kerakligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23 avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori soha rivojida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Bugungi kunda ichki ishlar xodimlari tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni turli illatlardan himoya qilish, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi kabi jinoyatlarning oldini olish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlash ishiga hissa qoʻshayotganimdan faxrlanaman, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tezkor-qidiruv faoliyati kafedrasi boshligʻi, II darajali “Shon-sharaf” ordeni sohibi Abduvali Hamdamov. – Bu ishonchni oqlash, xalqimiz tinchligi va farovonligi, farzandlarimiz kelajagini himoya qilish uchun bor kuchimni sarflayman.

Ichki ishlar vazirligining buyrugʻiga koʻra, bir guruh ichki ishlar xodimlariga polkovnik unvoni ham berildi, “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni, faxriy yorliq, esdalik sovgʻalari va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Davron Sunnatov, OʻzA
2 514