O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari: Har bir xodim muomala madaniyatiga qatʼiy amal qilishi shart

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari: Har bir xodim muomala madaniyatiga qatʼiy amal qilishi shart

Barcha sohalarda boʻlgani kabi ichki ishlar organlarida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi rahbariyati xodimlarning bilim saviyasini oshirish, ularning jangovar hamda siyosiy tayyorgarligini zamon talablari darajasiga koʻtarish boʻyicha bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Rahbarlar asosiy eʼtiborni quyi tizimlar ish faoliyatini qaytadan koʻrib chiqish, kerak boʻlsa lozim darajada oʻzgarishlar va islohotlar oʻtkazishni rejalashtirishgan.

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari etib tayinlangan, general-mayor Azizbek Ikramov ishni hududlarni va u yerda xizmat olib borayotgan xodimlarning shart-sharoitlarini oʻrganishdan boshladi. Shu maqsadda u dastlabki tanishuvni Toshkent shahar IIBB YHXBda oʻtkazgan edi.

photo5422647256789658700.jpg

photo5422647256789658698.jpg

Shu kunlarda esa u Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Vazir oʻrinbosari viloyat ichki ishlar organlarining turli soha vakillari bilan bevosita ular xizmat olib borayotgan hududlarda uchrashuvlar oʻtkazib, suhbatlar tashkil qilmoqda.

– Prezidentimiz xalqimizning osoyishtaligini, xavfsizligini taʼminlashni bizga ishonib topshirgan. Oʻz navbatida, mehnatkash xalqimiz ham bizdan shuni istaydi. Bu – biz uchun katta sharaf, – dedi A.Ikramov viloyat IIB YHXB xodimlari bilan oʻtkazilgan suhbatda. – Bu sharafli vazifani qay tarzda bajarayotganimizga bahoni ham xalqimiz beradi. Shunday ekan har bir xodim oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashishi, oʻz ustida ishlashi, siyosiy, ijtimoiy bilim darajasini yuksaltirishi, muomala madaniyatiga qatʼiy amal qilishi shart.

Xuddi shu kabi uchrashuvlar viloyat IIB PPX va JTSB, maxsus vazifalarni bajaruvchi otryad, Termiz shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmalarida ham oʻtkazildi.

photo5422647256789658699.jpg

photo5420377499717708817.jpg

Shuningdek, vazir oʻrinbosari endilikda eskicha usullarda ishlab boʻlmasligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Kamchiliklarga yoʻl qoʻyadigan, odamlarni sarson qilib, ularning noroziligini keltirib chiqaradigan, siyosiy va ijtimoiy dunyoqarashi past, saviyasiz, siyosiy dunyoqarashi tor, qolaversa madaniyatsiz xodimlarga saflarimizda oʻrin yoʻq, deb qatʼiy fikr bildirdi. Shuningdek, xodimlarning maxsus kiyim-boshlariga, orastaliklariga ham eʼtibor qaratib, oʻzining tanqidiy fikrlarini aytdi.

Vazir oʻrinbosarining viloyat boʻylab safari davom etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV 
YHXBB Axborot xizmati

742
OʻzA