O‘zA O`zbek

20.07.2019 18:55 Chop etish versiyasi

Ichki ishlar vaziri Arnasoy tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Ichki ishlar vaziri Arnasoy tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida boʻlib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Prezidentimizning “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Ichki ishlar vazirligi Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida “Obod hudud” dasturining bajarilishiga masʼul etib belgilangandi

Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov Gʻoliblar shaharchasida, Bobur, Gʻafur Gʻulom mahallalarida, Oltin vodiy qishlogʻidagi turar joylarda va ijtimoiy inshootlarda amalga oshirilayotgan qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish natijasida yaratilgan yashash sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, yangi qurilgan “Gʻuncha” maktabgacha taʼlim muassasasida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda hududda barpo etilayotgan yana ikkita ana shunday muassasaning qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Vazir tuman markazida qurib bitkazilayotgan ikkita yengil sanoat hamda baliq yemi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarini ishga tushirish va texnologik uskunalarni oʻrnatish jarayonlari bilan ham tanishdi.

Shuningdek, vazir respublika IIV tomonidan tuman markazida barpo etilayotgan kutubxona hamda Arnasoy tumani IIB yoʻl harakati xavfsizligi xizmati binosi, Davlat xizmatlari markazi kabi bir qator inshootlarning qurilish maydonlarida boʻlib, qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, ish sifatini oshirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq va tavsiyalar berdi. Jarayonni moliyalashtirish, zarur texnikalar bilan taʼminlash borasidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish boʻyicha masʼullarga vazifalar yuklandi.

T.BEKNAZAROV, OʻzA.
1 319