O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha joylarda sayyor oʻquv yigʻinlari oʻtkazilmoqda

Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha joylarda sayyor oʻquv yigʻinlari oʻtkazilmoqda

Ayni kunlarda IIV Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari tomonidan Toshkent shahar va Fargʻona viloyatidagi tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy boʻlim (boʻlinma)lar boshliqlari, jinoyat-qidiruv boʻlimlari tezkor vakillari, tergov boʻlinmalarining tergovchi va surishtiruvchilari, xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari tahlil va muvofiqlashtirish boʻlinmalari xodimlari uchun malaka oshirish sayyor oʻquv yigʻinlari oʻtkazilmoqda.

Oʻquv yigʻinlarida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hamda idoraviy-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

– Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning mutlaqo yangi – “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” degan tizimini qaror toptirish, ichki ishlar organlarini xalqchil davlat idorasiga aylantirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Institut boshligʻi, yuridik fanlar doktori, professor polkovnik Nuriddin Normatov. – Buning natijasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Eng muhimi, huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni oʻz vaqtida bartaraf etish soha faoliyatining kundalik mezoniga aylandi.

– IIV Malaka oshirish instituti tomonidan tashkil etilgan navbatdagi sayyor oʻquv yigʻini kasbiy bilimlarimizni yanada oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi Toshkent shahar Yunusobod tumani IIB Tergov boʻlimi katta tergovchisi, mayor Farhod Abdullabekov. – Institut professor-oʻqituvchilari xizmat faoliyatimizga oid qabul qilingan qonun hujjatlari talablari, har bir huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashishda ilmiy yondashuvlar, “hududlar tajribasi” amaliy misollar orqali tushuntirib berishmoqda.

Shuningdek, Institut professor-oʻqituvchilari joylarda oʻtkazilayotgan sayyor oʻquv yigʻinlari doirasida taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar va huquqiy targʻibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda.


IIV Malaka oshirish instituti
Matbuot xizmati.

2 993
OʻzA