Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.05.2018 13:31 Chop etish versiyasi

Ichimlik suvi ta’minoti yomonlashdi, degan xabarlarda hech qanday asos yo‘q

Ichimlik suvi ta’minoti yomonlashdi, degan xabarlarda hech qanday asos yo‘q
Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash yuzasidan turli xabarlar tarqaldi. Xo‘sh, bu xabarlar qanchalik asosli? Haqiqatdan ham, ichimlik suvi ta’minotida muammolar bormi, agar bo‘lsa, uning sabablari nimada?

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi va O‘zA muxbiri ushbu masala yuzasidan tuman hokimligi rahbariyati, mutasaddi idoralar vakillariga murojaat qildi.

– Mo‘ynoqda ichimlik suvi ta’minoti yomonlashdi, degan xabarlarda hech qanday asos yo‘q, – deydi Mo‘ynoq tumani hokimi Saylaubay Daniyarov. – O‘tgan yili Prezidentimiz tashabbusi bilan tortilgan ichimlik suv quvuri Mo‘ynoq tumani markazi va "Uchsoy" ovul fuqarolar yig‘ini aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlab turibdi. Aholining suvni iste’mol qilish bo‘yicha talabi kunlik 2200 kub metrni tashkil qilmoqda. Bugungi kunda “Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq” suv quvuri orqali Tuyamo‘yin suv omboridan bir kecha-kunduzda 2400 kub metr suv Mo‘ynoq tumani suv tarmoqlari korxonasidagi 4,5 ming kub metr suv sig‘imiga mo‘ljallangan rezervuarga kelib tushmoqda. Mo‘ynoq tumani markazi va "Uchsoy" ovul fuqarolar yig‘ini aholisining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji belgilangan me’yorlar bo‘yicha kuniga 1800 kub metrni tashkil qiladi. To‘g‘ri, suv jadval asosida nasoslar imkoniyatidan kelib chiqqan holda, kuniga 2 mahal berilmoqda, ya’ni soat 6.00 dan 10.00 gacha va soat 16.00 dan 21.30 gacha. Yaqin kunlarda qo‘shimcha nasoslar o‘rnatiladi va aholini suv bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda "Qo‘ng‘irot" suv tarqatish inshootida 4 nasos yordamida bir kecha-kunduzda o‘rtacha 2400 kub metr ichimlik suvi 3 atmosfera bosimida yetkazib berilmoqda. Ushbu inshoot bir kecha-kunduzda 7000 kub metrgacha ichimlik suv yetkazib berish va bosimni 7-8 atmosferagacha ko‘tarish imkoniyatiga ega.

Tuyamo‘yin – Nukus mintaqaviy suv o‘tkazgichidan foydalanish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Orol” mahalla fuqarolar yig‘inida 7 kilometrlik suv quvuri yangidan tortilgan. Ushbu hududdagi umumiy ichimlik suv tarmog‘i uzunligi 8,5 kilometr bo‘lib, qolgan 1,5 kilometr tarmoqni ta’mirlash ishlari 2019 yilning manzilli dasturiga kiritilishi rejalashtirilgan.

"Tik-ozek" ovul fuqarolar yig‘inini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ichimlik suv tarmoqlarini qurish ishlari "Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish" jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi. Umumiy uzunligi 1,1 kilometr bo‘lgan ushbu loyiha qiymati 159,5 million so‘mni tashkil qiladi. Qurilish ishlari 2018 yil dasturiga kiritilgan. Pudratchi “Keramika qurilish servis” MCHJga ushbu maqsadlar uchun 30 foiz bo‘nak puli o‘tkazib berilgan va pudratchi tomonidan 600 metr polietilen quvurlar yotqizilgan. Mazkur dastur 2018 yilning 1 iyulida yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

– Berilayotgan suv toza ichimlik suvi. Bu suvdan tomorqani sug‘orishda foydalanish mumkin emas, – deydi Mo‘ynoq tumani suv tarmoqlari korxonasi muhandisi Po‘lat Qarabasov. – Suv isrofgarchiligining oldini olish maqsadida 500 dona suv hisoblagich uskunasi keltirilib, xonadonlarga o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Endi suv quvurlarida yuz berayotgan avariya holatlariga kelsak, 101 kilometrlik Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq oralig‘iga yotqizilgan suv quvurlaridagi ulangan joylardan suv ketish holatlari bo‘lgan. Bunday holatlar o‘z vaqtida bartaraf etilayotir.

Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, "Mo‘ynoq" MFY raisi Abdijabbor Tleuovning ta’kidlashicha, aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan talabi qanoatlantirib kelingan. Agar fuqarolardan murojaatlar kelib tushsa, shu zahoti o‘rganib chiqib, tuman hokimligiga yetkazilmoqda va o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rilishi ta’minlanmoqda.

– Mo‘ynoqliklar suv qadrini boshqa hudud aholisiga qaraganda juda yaxshi biladi, – deydi mehnat faxriysi Janabay Jusipov. – Avvallari aholi Amudaryodan yoki artezian quduqdan suv olib iste’mol qilardi. Kunlar isishi bilan turli kasalliklar ko‘payar edi. Prezidentimizga ming rahmat, o‘tgan yili asrlik orzuimiz bo‘lgan toza ichimlik suviga ega bo‘ldik.

Anvar Nasirlayev, O‘zA
1 856