Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.03.2017 18:43 Chop etish versiyasi

Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu ishga “Ekosan” ekologiya va salomatlik xalqaro xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi ham munosib hissa qo‘shmoqda. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida fondning moliyaviy ko‘magida Qanliko‘l tumanidagi "Bo‘ston" ovul fuqarolar yig‘ini hududida 3 ming aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan “Qulamet jirov” qishloq vrachlik punkti toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Buning uchun uzunligi 300 metrga yaqin suv tarmog‘i tortildi.

Umumiy qiymati 35,5 million so‘m bo‘lgan bunyodkorlik ishlari “Chimboy inshooti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirildi.

– Ovulimizda ichimlik suviga bo‘lgan talab qondirilmoqda, – deydi “Bo‘ston” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Allambergen Ayapov. – Hududimizdagi Janga tilek, Bo‘ston va Qo‘g‘am ovullarida istiqomat qilayotgan 5 mingdan ziyod aholining 90 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Joriy yilda “Ekosan” ekologiya va salomatlik xalqaro xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaga muvofiq Mamut o‘y aholi punktiga ham ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi.

Mazkur loyiha doirasida To‘rtko‘l tumanidagi Yangiobod, Do‘stlik, Aviatsiya mahallalariga ham suv tarmoqlari tortilib, tez kunlarda foydalanishga topshiriladi.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
1 257






Все о погоде - Pogoda.uz