O‘zA O`zbek

15.05.2018 21:20 Chop etish versiyasi

Ichimlik suvi: fakt va raqamlar

Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan “Ichimlik suvi qanchadan-qancha odamlar uchun hali ham shirin orzuligicha qolmoqda” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Respublika aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash, ichimlik suvi resurslaridan oqilona foydalanish to‘g‘risida keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda inspeksiya xodimlari, san’atkor va diniy ulamolardan vakillar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda, ma’ruzachilar tomonidan aytilganidek, dunyo suv zaxirasini atigi 1,7 foizini tashkil etadigan toza ichimlik suvi tanqisligi allaqachon global muammoga aylanib ulgurgan. Olimlarning aniqlashicha, dunyodagi kasalliklarning 80 foizidan ortig‘i ichimlik suvi tanqisligidan kelib chiqadi. Sizu biz kran jo‘mragini burashimiz bilan sharillab oqib keladigan suvga yetish uchun Osiyo va Afrika davlatlarining suvga muhtoj aholisi bir kunda 6 kilometrlab yo‘l bosishga majbur bo‘lmoqda. Bu kabi suv tanqisligi muammosi tufayli yer yuzida har 15-20 soniyada bir bola, bir kunda esa o‘rtacha 4500 ta bola hayotdan ko‘z yummoqda. Oddiygina dush qabul qilish chog‘ida 10 daqiqa ochib qo‘yilgan suv 200 ta bolaning iste’moli uchun zarur bo‘lgan suv miqdoriga teng.

Talabalarga suvni asrash, undan oqilona foydalanish zarurligi kabi fikrlar ana shunday aniq, ta’sirli raqamlar, faktlar bilan berildi.

Davra suhbati so‘nggida ma’ruzachilar talabalarning savollariga javob berishdi.

Inobat Ahatova, O‘zA
5 825