O‘zA O`zbek

14.09.2020 Chop etish versiyasi

Ibrohim Yoʻldoshev: Konferensiya xalqlarimizni yana-da yaqinlashtirishga xizmat qiladi

Ibrohim Yoʻldoshev: Konferensiya xalqlarimizni yana-da yaqinlashtirishga xizmat qiladi

Dushanbe xalqaro konferensiyasi dasturida ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalar masalasiga keng oʻrin ajratilgan. Xususan, ayni paytda davom etayotgan “Madaniy aloqalarning joriy holati va istiqboli” mavzusidagi shoʻba yigʻilishini Oʻzbekiston sanʼat va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yoʻldoshev va Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Ahmad Donish nomidagi Tarix, arxeologiya va etnografiya instituti Bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Bahriniso Qobilova boshqarib borishyapti. OʻzA muxbiri fursat topib, filologiya fanlari doktori, professor I.Yoʻldoshevning anjumanning ahamiyati, maqsad va vazifalari haqidagi fikrlarini yozib oldi.

- Oʻzbek va tojik xalqlarining azaliy doʻstligi soʻnggi yillarda yuqori surʼatda mustahkamlanib borayotganidan barchamiz masrur va mamnunmiz. Men Tojikistonga ilk bor 1972-yil, 8-sinfda oʻqib yurgan kezlarimda kelgandim. Hozir guvohi boʻldimki, bugungi Tojikiston kechagi Tojikiston emas. Tub islohotlar natijasi oʻlaroq, bu qardosh mamlakat yangi qiyofa, koʻrkamlik kasb etibdi. Tabiati yana-da goʻzallashib, insonlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, shart-sharoitlar bisyor boʻlibdi.

Mavlono Jomiy va Hazrat Navoiydan meros doʻstlik rishtalarini mustahkamlash niyatida tiklana boshlagan anʼanalar bardavomligi barchamizni xushnud etmoqda. Jomiy va Navoiyga xos ustoz-shogird munosabati, bir-biriga sodiqlik bobidagi namunasi, qondosh, jondosh oʻzbek va tojik xalqlarini yana-da yaqinlashtirdi. Navoiy Jomiyni ehtirom aylab, “Xamsatul-mutahayyirin”ni yaratdi. Ustozining ezgu amallarini faxr-iftixor tuygʻulari ila kelajak avlodga bayon etdi. Bunday buyuk, ibratli faoliyat barchamiz uchun oʻrnakdir. Ishonchim komilkim, kelajakda oʻzbek va tojik xalqlari doʻstligi yana-da kuchayadi, har ikkala xalqning ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayoti yaxshilanadi. Ezgu orzu-umidlari ham koʻpayaveradi.

Kutilganidek, mazkur ilmiy-amaliy konferensiya doirasida ikki davlat oʻrtasida sanʼat va madaniyat sohasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirishga oid dolzarb masalalarni tojikistonlik hamkasblarimiz, soha fidoyilari bilan birga har tomonlama muhokama qilib oldik. Muzokara yakunida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti hamda Mirzo Tursunzoda nomidagi Tojikiston davlat madaniyat va sanʼat instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Oldinda umumiy rejalarimiz koʻp. Birgalikda amalga oshiriladigan, sanʼat va madaniyatning azaliy va asosiy maqsadi boʻlmish ezgulikni targʻib qilishga qaratilgan qoʻshma loyihalarimiz ikki xalqni bir-biriga yana-da yaqinlashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.

10 196
Gʻ.XONNAZAROV yozib oldi, OʻzA