Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 14:36 Chop etish versiyasi

Ibratga arzigulik spektakllarimiz bo‘lsin

Viloyat tashkiloti rahbarlaridan biri qo‘ng‘iroq qilib, teatrimizda yaqin kunlarda qanday spektakllar namoyish etilishi bilan qiziqdi. Repertuarimizdagi sahna asarlari to‘g‘risida ma’lumot berib, qiziqishi boisini so‘radim.

– Taklifnoma yuborgan ekansiz, keyingi bir-ikki yangi spektakllar premyerasida qatnashdim, – dedi u.  – Menga juda yoqdi, ko‘p narsa o‘rgandim. Oilaviy kelib ko‘rish kerak ekan, deb o‘yladim. Lekin ana boramiz, mana boramiz, deb ortga surilib ketmoqda. Yaqinda Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda aytgan gaplarini tinglab, ochig‘i, bolalar oldida o‘zimni aybdor his qildim, biroz o‘ng‘aysizlandim. Shu hafta dam olish kuni, albatta, teatrga boramiz, deb va’da berib qo‘ygandim...

Suhbatdoshimning  gaplaridan xursand bo‘ldim. Ayni paytda “Qani endi, hamma ota-ona, rahbarlar ham shunday o‘ylasa, teatr, muzey va boshqa madaniyat maskanlariga borishni odat qilsa...”, degan o‘y o‘tdi xayolimdan.

To‘g‘ri, keyingi yillarda davlatimizning alohida e’tibori va rag‘bati tufayli teatrlarimiz repertuari yangi asarlar bilan boyib, tomoshabinlar oqimi biroz ko‘paydi. Sahna asarlari namoyishi muntazamlik kasb etmoqda. Mamlakatimiz teatr jamoalari o‘rtasida ijodiy tanlovlar tashkil etilib, gastrol safarlari uyushtirilmoqda. E’tiborli jihati, xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan, teatr san’atimizning durdona asarlarini davlat buyurtmasi asosida qayta sahnalashtirib, namoyish etish yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand viloyati musiqali drama teatrida ham 2016-yilda Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tarixiy dramasi qayta sahnalashtirilib, tomoshabinlar hukmiga havola etildi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, tajribali rejissyor Olimjon Salimov, bosh rol ijrochisi – O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovning xizmatlari katta bo‘ldi. Ushbu asar bugungi kunda teatrimizning asosiy spektakllaridan biri sifatida doimiy ravishda o‘ynalmoqda. Shuningdek, poytaxtimizda – O‘zbek Milliy akademik teatrida ham bir necha bor namoyish etildi, yilning eng yaxshi spektakli, deb e’tirof etildi.

Joriy yilda teatrimizda O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diev rejissyorligida Izzat Sulton qalamiga mansub “Imon” dramasini sahnalashtirdik. O‘tgan asrda otaxon teatrimizda bir necha yuz marta namoyish etilgan bu asarning Samarqandda qayta sahnalashtirilishi ham san’atshunoslar tomonidan yuqori baholandi. Tomoshabinlar juda yaxshi kutib oldi. Rollarni Yodgor Sa’diev va teatrimizning tajribali aktyorlari bilan birga, yoshlar mahorat bilan talqin etdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo qalamiga mansub “Samarqand sayqali” asari ham teatrimizning 2017-yildagi yangi spektakllaridan biri bo‘ldi. Unda buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning Samarqanddagi ijodi va faoliyati aks ettirilgan.

Yaqinda repertuarimiz yana bir yangi asar bilan boyidi. Mashhur turk yozuvchisi Tunjar Jujan o‘g‘li asari asosida “Ko‘chki” spektaklini namoyish etdik. Mazkur psixologik drama tajribali rejissyor Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirildi. Bosh rollarni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulbahor Mamedova, Bahrullo Rahimov, Baxtiyor Rahimov, iste’dodli aktyorlar Shohsanam Obloqulova, Jamshid Murodov, Sarvinoz Saidova ijro etdi.

Shu va boshqa asarlarimizning jamoatchilik ko‘rigi va premyerasiga adabiyotshunos, san’atshunos olimlar va mutaxassislar bilan birga, viloyatimizdagi korxona-tashkilot va muassasalar rahbarlarini ham taklif etib, ularning fikrlari bilan qiziqayapmiz. Bu sahna asarlarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va teatrga tomoshabinlarni ko‘proq jalb etishga xizmat qilayotir.

Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda aytilgan tanqidiy fikrlari, takliflarini o‘rganib, zimmamizdagi vazifa nechog‘li sharafli va mas’uliyatli ekanini yana bir bor chuqur angladik. Shundan kelib chiqib, o‘z ijodiy rejalarimizni belgilab, yangicha ishtiyoq va g‘ayrat bilan ishlashga, ibrat qilib ko‘rsatishga arzigulik asarlarni ko‘paytirishga kirishdik.

Bahodir Sharofov,
Samarqand viloyati musiqali drama
teatri direktori.

O‘zA
1 261






Все о погоде - Pogoda.uz