O‘zA O`zbek

01.08.2018 19:36 Chop etish versiyasi

Ibn Sino tug‘ilgan qishloqda noyob majmua bunyod etiladi

Buxoro viloyatining Peshku tumanida – buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino tug‘ilgan Afshona qishlog‘ida yirik majmua barpo etiladi.

Prezidentimizning joriy yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017 yil 19 maydagi “2017-2019 yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining sayyohlik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomaning boy merosini namoyish etish, odamlarni sog‘lom turmush tarziga undash, hududga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladigan yirik obyekt barpo etish ko‘zda tutilgan.

Umumiy maydoni 5 gektardan iborat majmuadagi har bir obyekt o‘ziga xos bo‘ladi. Ayniqsa, kattagina o‘rin egallaydigan Xalq tabobati markazida bug‘li effektga ega tosh hammom, oyoq kasalliklariga qarshi yaxshi naf beradigan sandal, zuluk olish, uqalash xizmatlari tashkil etiladi. Shifobaxsh giyohlarga to‘yingan chorva mollari sutidan qatiq, qaymoq va meva-sabzavot sharbatlari, shuningdek, giyoh va dukkakli don damlamalari tayyorlanadi. Bemorlar asal, tuz, o‘simlik moyi bilan muolaja olib, toza havoda sayr qiladi.

Hududda barpo qilinadigan ekobog‘ ham mehmonlar e’tiborini tortishi shubhasiz. Bu yerda Abu Ali ibn Sino tomonidan xususiyatlari alohida ta’riflangan o‘rik, yong‘oq, anjir, jiyda kabi mevali daraxtlar hamda xushbo‘y gullar parvarish qilinadi. Bog‘ hududida ot va tuyalarda sayr qilish imkoniyati yaratiladi. Negaki, bu jonivorlarni minib sayr qilish salomatlik uchun foydali.

Majmuada buyuk hakimning ilmiy asarlari, qo‘lyozmalari, qo‘llanma va risolalari burchagi tashkil etiladi. Dorivor giyohlar savdosi yo‘lga qo‘yiladi.

Majmuaga tashrif buyuruvchilar oqimi ko‘payishi bilan boshqa qulayliklar ham yaratiladi. Masalan, kamida 100 o‘rinli to‘rt yulduzli mehmonxona quriladi. Badminton, stol tennisi maydonchalari mehmonlar xizmatida bo‘ladi. Yana bir muhim jihati, Afshonaga keluvchilar uchun arzon va qulay avia, temiryo‘l hamda avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda majmuaga eltuvchi yo‘llar, jumladan, qo‘shni Vobkent tumani orqali boriladigan yo‘llar ta’mirlanadi. Bu boradagi bunyodkorlik ishlariga joriy yil sentyabr oyidan kirishiladi.

– Majmuada Abu Ali ibn Sinoning hayoti, ijodi va faoliyatini targ‘ib qilish maqsadida olimlar ishtirokida seminarlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkaziladi, – deydi Peshku tumani hokimining investitsiya va turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shohrux Omonov. – Shuningdek, yurtimizdagi tibbiyot muassasalari xodimlarining majmua va uning yaqinidagi buyuk hakim memorial muzeyiga sayohati yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda tibbiyot kollejlari bitiruvchilarining Abu Ali ibn Sino qasamyodini qabul qilish marosimi an’anaviy maqomga ega bo‘ladi. Tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari talabalari va kollejlar o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etiladigan “Abu Ali ibn Sino izdoshlari” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari ham ushbu majmuada taqdirlanadi.

Yaqinda Buxoro viloyati hokimligida Afshonada barpo etiladigan majmua qurilishiga oid rejalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Respublikasining “Medifemo Assistance” kompaniyasi vakillari ham ishtirok etdi.

Mazkur kompaniya ta’sischiligida tashkil etilgan “Alke group companies” kompaniyasining 51 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘i hisobidan Afshona qishlog‘ida Abu Ali ibn Sino merosi majmuasi barpo etiladi. Bu borada Peshku tumani hokimligi va “Alke group companies” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Milliy me’morchilik an’ana va uslublari, iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda tayyorlanayotgan majmua loyihasini ishlab chiqish yakunlanmoqda.

Majmua qurilishi joriy yil kuzida boshlanib, 2019 yil avgust oyida nihoyasiga yetkazilishi mo‘ljallangan.

Erkin Yodgorov, O‘zA
3 207